TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekistonda chiqindilarni to‘plash tizimini faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish maqsadida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Buning uchun mamlakat bo‘yicha 13 ta "Toza hudud" davlat unitar korxonalari va ularning 174 ta tuman (shahar) filiallari tashkil etib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, 482 ta yangi chiqindilarni to‘plash maydonchalarini qurish bo‘yicha 358 tasining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillarining aytishlaricha, shundan 289 tasi bo‘yicha pudratchilar bilan shartnomalar imzolanib, 261 tasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi. 124 ta obyekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, yil oxiriga qadar davlat budjeti hisobidan 52,1 mlrd.so‘mlik 158 ta assenizatsiya avtomashinalari xarid qilinadi. Bugungi kunda "SamAvto" zavodining rasmiy dilerlari bilan 122 ta avtomashinaga umumiy qiymati 32,2 mlrd. so‘mlik shartnomalar imzolandi.
"Abonentlarning elektron bazasini to‘liq shakllantirish, to‘lovlarni qabul qilish va hisobini yuritishning elektron "Billing" tizimini hamda chiqindi tashish maxsus texnikalari harakatini masofadan "on-layn" rejimda kuzatish (GPS) tizimini to‘liq joriy etish ishlari olib borilmoqda", — dedi davlat ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oybek Adhamjonov.
Respublikada 2021-yilda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bilan aholini qamrab olish ko‘rsatkichini bugungi kundagi 63 foizdan 93 foizga yetkazish rejalashtirilgan.