TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Ushbu hafta O‘zbekistonda va dunyoda odamlarni hayratga solgan, quvontirgan va o‘ylantirgan voqealarga boy bo‘ldi. Sputnik tahririyati shulardan eng shov-shuvlilarini e’tiboringizga havola qiladi. Demak, "o‘ho‘" deydigan darajadagi yangiliklar beshligidan quyidagilar o‘rin oldi.
1. O‘zbek-tojik munosabatlaridagi yangi sahifa
Bu — ikki davlat o‘rtasida 2010-yilda qurilgan balandligi 3 metr va uzunligi 10 metrlik to‘siqning buzib tashlanishidan keyin eng shov-shuvli va intizorlik bilan kutilgan yangilik bo‘ldi.
Darvoqe, O‘zbekiston hukumati chegararni ochish bilan kifoyalanib qolgani yo‘q, Samarqand shahrida ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida o‘zbek va tojik adabiyotining buyuk namoyondalari — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga safari esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochishi kutilayapti.
2. Afg‘oniston toliblarni "tan olmoqchi"
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdagi radikal harakat — "Tolibon"ga tinchlik bo‘yicha bitim taklifini kiritdi.
Xususan Ashraf G‘ani Afg‘oniston hukumati toliblar va ularning oila a’zolariga pasportlar berib, harakat yetakchilaridan sanksiyalarni olib tashlash bo‘yicha ish boshlashini ma’lum qilgan. Shuningdek qamoqqa olingan toliblarning ozodlikka chiqarilishi ham aytib o‘tilgan.
"Tolibon" harakati yetakchilari Ashraf G‘anining taklifiga rasman javob bermadi, ammo "Reuters"xabariga ko‘ra, toliblarning ishongan vakili javobi "New-Yorker" jurnalida chop etildi. "Biz ularni (Ashraf G‘ani takliflarini demoqchi, muall.) qonuniy deb qabul qilamiz, degan aldamchi taklifingiz mavjud urushni yutish va "Tolibon"ni "tiz cho‘ktirish" uchun Amerika tomonidan kiritilgan formuladir.
Masalaning tub mohiyati shuki, Amerika uchun eng muhimi terrorizmmi? Yoki uning maqsadi Afg‘oniston mineral boyliklariga ega bo‘lib, o‘zini-o‘zi boshqaruvchi hukumatni o‘rnatish va mamlakatda islomiy tizimni o‘rnatishga qarshilik qilish orqali bu yerlarda imperialistik siyosatini hukm surdirishmi", deyiladi bayonotda.
3. "O‘zbek Detochkini"
Samarqandda ichki ishlar organlari xodimlari turizm kolleji talabasini qo‘lga olishdi. Yigit avtomobillardan chiroyli raqamlarni yechib, so‘ngra raqamni qaytarish uchun egalaridan 5 AQSh dollardan pul talab qilgan.
Talaba mehribonlik uyidagi bolalarga yordam berish maqsadida bu kirdikorlarga qo‘lga urganligini aytgan.
Ko‘pchilikka "Avtomobildan saqlaning" filmidagi Detochkinni eslatgan samarqandlik yigitning tungi "qahramonliklari" ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
4. G‘arbni ogohlantirgan Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1-mart kuni Federal kengashga murojaat qildi va bu kun Putin dunyoni "shok"ka solgan kun sifatida tarixda muhrlandi.
Ikki soatlik nutqi davomida Rossiya prezidenti bordiyu Rossiya va yoki uning ittifoqdoshlariga qarshi yadro quroli qo‘llaniladigan bo‘lsa, javob zudlik bilan qaytarilishi haqida ogohlantirdi.
Putinning chiqishini diqqat bilan tomosha qilgan Pentagonning rasmiy munosabati oradan ikki soat o‘tib e’lon qilindi. Pentagon Rossiya prezidenti so‘zlaridan "hayratga tushmaganini" ma’lum qilgan va amerikaliklarni "o‘zimizni himoya qila olishga qodirmiz" deya tinchlantirgan edi.
AQSh o‘z fuqarolarini tinchlantirish bilan ovora bo‘lgan bir vaqtda Putinning murojaati siyosatshunoslar tomonidan "Rossiya yaxshi formada" ekanligini ko‘rsatdi, deya baholandi.
5. Sog‘ odamni o‘ldirayotgan marosim — to‘y
Ikkinchi mart kuni O‘zbekiston "Mahalla" xayriyat jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasio‘zbekistonliklarga rasmiy murojaat yo‘lladi.
Murojaatda to‘ylardagi kimo‘zarlik holatlari va isrofgarchilik singari illatlar qattiq qoralanib, fuqarolar kamtarroq to‘y qilishga da’vat qilingan edi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat mirziyoyev ham kuni kecha yana to‘y-hashamlar masalasida so‘z ocharkan, endi to‘ylarni qisqartirish bo‘yicha Prezident qarori emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori qabul qilinishini aytgan.
"To‘y qilishning meyorini yozib beramiz. Toshkentda to‘rtta qizi bor odam o‘zini osishi kerak to‘y qilish uchun. Budjetdan oylik olayotgan odam to‘rtta qizini erga berishi uchun o‘zini ossa to‘g‘ri bo‘ladi. Nimaga, hech qanday imkoniyati yo‘q, bechora birovdan qolmay deb qarz oladi, o‘zini qaramaydi, doktorga bormaydi, faqat to‘yga yig‘adi", deb ta’kidlagan Mirziyoyev.
Avval ham aytganmiz, yana qaytaramiz, nailoj, davlat o‘z fuqarosini nafaqat jinoyatchilar, tashqi dushmandan, balki uning o‘zidan ham himoyalashiga to‘g‘ri kelmoqda.