TOShKENT, 27 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega birinchi davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalarining "Do‘stlik oqshomi" deb nomlangan konsert dasturi namoyish etiladi. Tojik OAVning xabariga ko‘ra, prezidentlar uchun Yulduz Usmonova kuylaydi, deb yozadi "Podrobno.uz".
Xabarda aytilishicha, konsert 9-mart kuni "Ko‘hi Borbad" kinokonsert majmuasida bo‘lib o‘tadi. Konsertda o‘zbekistonlik san’atkorlardan shuningdek, Sherali Jo‘rayev, Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov chiqish qiladi. Tojikistondan Davlatmand Xolov, Nigina Amonqulova, opera qo‘shiqchisi Rustam Duloyevlar sahnaga chiqishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga ilk davlat tashrifi 9-10 mart kunlariga mo‘ljallangan. Tashrif arafasida Dushanbeda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.