TOShKENT, 2 mar — Sputnik. O‘zbekiston milliy axborot agentligi Respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va "Nuroniy" jamg‘armasi faollarining o‘zbekistonliklarga murojaatini e’lon qildi.
"Ushbu dolzarb masala necha o‘n yillardan beri xalqimizning o‘tkir muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. XX asr boshida jadid bobolarimiz to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik va dabdababozlikning millatimizni ma’naviy tanazzul va qashshoqlikka yetaklaydigan illat ekani haqida kuyunib yozganlarini eslaylik. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu — to‘y va azadir, deb ayni haqiqatni yozgan edi.
Afsuski, yillar o‘tsa-da, zamon o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari tobora kuchayib bormoqda.
Eng yomoni, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va yengil-yelpi hayot kechirish, manmanlikka intilishning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
To‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botishiga, eng xavflisi, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitni buzishga olib kelmoqda.
Bunday noxush holatlar jamoatchilikning haqli e’tirozini uyg‘otmoqda, ommaviy axborot vositalarida, mahalla-ko‘y, aholi o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Lekin ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, afsuski, bu borada jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti", — deyiladi murojaatda.
Shuningdek, faollar to‘y va marosimlar shaxsiy ish emasligi, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masalaligini alohida qayd etganlar.
"Xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan bunday bema’ni holatlarga barham berishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda", — qo‘shimcha qilingan murojaatda.
Shu munosabat faollar o‘zbekistonliklarni o‘z hududlarida to‘y va ma’rakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol ishtirok etishga da’vat qilgan.
Har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan, kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo‘lib, to‘ylarni ixcham, kamchiqim, zamonaviy qilib o‘tkazish bo‘yicha meyor va mezonlarni ishlab chiqaylik va ularga qat’iy amal qilaylik", — deyiladi faollar murojaatida.
Shuningdek, murojaatda oilaviy tadbirlarda san’atkorlarning ishtirokiga doir masala ham ko‘tarilgan.
Faollap O‘zbekiston xotin-qizlariga murojaat qilar ekan,ko‘p masala ayollarga bog‘liqligini alohida ta’kidlashgan.
"Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi muhim soha va tarmoqlar rivojini sizlarning ishtirokingizsiz tasavvur etish qiyin. Sizlar xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yaratishda doimo faol bo‘lib kelmoqdasiz.
Shunday ekan, ijtimoiy hayotimizdagi nufuzingiz va mavqeyingizdan foydalanib, to‘y va turli marosim o‘tkazayotgan oilalarga kirib, sarpo, buyum yig‘ishga ruju qo‘yish, ortiqcha orzu-havasga berilish nafaqat oila budjetiga, balki yosh oilalar ma’naviyatining negiziga ham jiddiy putur yetkazishini hayotiy aniq misollar orqali tushuntirib berishingiz lozim", — deyiladi opa-singillarga murojaatda.
Murojaatning yoshlarga atalga qismida ularning vazifasi "shiddat bilan tez o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv zamonida zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sirlarini, chet tillarni puxta egallash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirishga hissa qo‘shishdan iborat"ligi eslatib o‘tilgan.
"Bugungi dunyo taraqqiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgan XXI asr yoshlari sifatida sizlar millatimiz sha’niga dog‘ tushiradigan bunday salbiy illatlarga qarshi kurashda tashabbus va faollik ko‘rsatasiz, deb ishonamiz.
Avvalo, o‘zingizning, qolaversa, millatimizning sha’nini, ota-onalaringiz salomatligini, bo‘lg‘usi oilangiz baxtini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazishga tashabbuskor bo‘ling!", — deyiladi yoshlarga da’vatda.
Faollar to‘y-ma’rakalar o‘zbek millatining azaliy qadriyatlari va an’analarini namoyon etadigan ko‘zgu ekanligini, ularni yuksak ma’naviy mezonlarga munosib tarzda o‘tkazish lozimligini ta’kidlashgan.
Biz yurtimiz jamoatchiligini shu yo‘lda hamfikr va hamjihat bo‘lishga, ushbu dolzarb masala muhokamasida taklif va tavsiyalar bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz", — deyiladi murojaatda.