U 11 yashar qizimni zo‘rlamoqchi edi - qirg‘izistonlik ayollar hayotidan reportaj

Obuna bo‘lish
Qirg‘izistonda "Sezim" krizis markazi mavjud. U yerda er zug‘umidan qochib kelgan ayollar panoh topgan. Sputnik Qirg‘iziston muxbiri Asel Minbayeva jabrdiydalar hayoti haqida reportaj tayyorladi

TOShKENT, 19 apr — Sputnik. …Unga syomkaga yo‘l olganimdayoq — marshrutka ichida ko‘zim tushgan edi. Qarshimda sochlarini oddiy rezinka bilan yig‘ib olgan qiz turardi. U go‘zal edi, haqiqatda go‘zal! Lablari do‘rdoq, sochlari jiloli. Faqat kiyimi ko‘rinishiga sira mos kelmasdi — odmi edi. Kulrang sportivka kiyib, rangi uniqqan kurtka tashlab olgan ekan egniga.

Gulsanoy - Sputnik O‘zbekiston
Qo‘lida go‘dak bilan Moskvada nochor qolgan Gulsanoy vatanga qaytapti
Biz bitta bekatda tushdik va bir tomonga qarab yura boshladik. U ham qiyin vaziyatda qolgan ayollar uchun tashkil qilingan maxfiy uyga borayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir necha daqiqadan so‘ng menga 28 yashar bu ayol hayotini gapirib berishdi. Eri uning qovurg‘alarini sindirgan, "uchastkavoy" esa "yomon kelin"ligini ro‘kach qilib, ayol arizasini qabul qilmagan. Dilni hufton qiladigani — bu ayol boshiga mushkulot tushgan yagona ojiza emasligida…

Ularning boradigan joyi yo‘q

Boshpana, oddiy qilib aytganda, krizis holatdagi ayollar uchun turar-joy manzillari to‘liq maxfiylashtirilgan. Fotosuratchi Tobildi ikkimiz bu joy qayerda joylashgani va u yerdagi ayollarning haqiqiy ismlarini hech kimga aytmaymiz, deya tilxat yozib berishga majbur bo‘ldik hatto, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston muxbiri Asel Minbayeva.

"Sezim" krizis markazi rahbari Bibisora Risqulovaning so‘zlariga qaraganda, g‘azabnok er qochoq xotinni topish va unga "dars berib qo‘yish uchun qotillikka qo‘l urishga ham tayyor bo‘larkan.

"Bu hodisa bir necha yil oldin ro‘y bergan. Yaqinda eri bilan ajrashgan ayol markazimizda qo‘nim topmoqchi bo‘ldi. Aksiga olib, boshpana o‘shanda ta’mirga yopilgan edi. Ayolning eri uni ish joyiga — Energetika vazirligiga izlab borib, o‘sha yerning o‘zida xotini va u bilan qo‘shib ikki begonani otib tashlagan, so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. O‘rtada bir o‘g‘il va bir qiz yetim qoldi", — hikoyasini davom ettirdi ayol.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyevdan bo‘lajak qaynonalarga maslahat
Markaz xodimlarining aytishlaricha, "Sezim"ning asosiy mijozlari  — yillar davomida johil-er bilan yashab kelayotgan ayollar. Ularning aksariyati so‘ngi damgacha hammasiga dosh berib yashaydi va faqat pichoq suyakka qadalgach, yordam so‘rab murojaat qiladi.

"Ooo! Bir safar "tez yordam" bir ayolni topib keldi. Hayotimda bu qadar ayovsiz kaltaklangan ayolni ko‘rmaganman! Vazni taxminan 30 kilogrammcha kelardi, ikki farzandini giyohvand-eri bilan tashlab, uydan qochgan ekan", — eslaydi Bibisora Risqulova.

Rahbarning so‘zlariga ko‘ra, sal keyin bolalarni militsiya yordamida olishga to‘g‘ri kelgan. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach, "shok"dan o‘ziga kelgan ayol eri yoniga qaytgan. Markaz xodimlarining aytishicha, har o‘n ayoldan yetti nafari xuddi shunday yo‘l tutadi.

Boshpana muvofiqlashtiruvchisi Viktoriya Tanning so‘zlariga ko‘ra, erlar kamdan kam holatlarda o‘zlarini aybdor sanaydilar.

"Ulardan eshitadiganimiz: ayolning o‘zi janjalga sabab bo‘lgan, erkak shunchaki uning ta’zirini berib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ammo ayol o‘zini qanday tutishidan qat’i nazar hech qachon bir odam ikkinchisiga qo‘l ko‘tarishga haqlimi?!", — deya ensa qotiradi ayol.

© Tabildi Kadirbekov"Sezim" krizis markazi koordinatori Viktoriya Tan
Koordinator sheltera krizisnogo sentra Sezim Viktoriya Tan - Sputnik O‘zbekiston
"Sezim" krizis markazi koordinatori Viktoriya Tan

Nurgul hikoyasi

Biz 9-yil avval turmush qurganmiz. O‘shanda u Rossiyadan ishlab qaytgandi, birinchi turmushidan ikki farzandi ham bor edi. Men birinchi farzandimga homilador bo‘ldim va o‘sha vaqtdan e’tiboran hayotim do‘zaxga aylandi: erim ichkilikka mukkasidan ketdi.

Kunlarning birida u hamma hujjatlarimni yig‘ishtirib, yoqib yubordi. Erim meni ayamay do‘pposlardi, to‘qmoqlar zarbidan ko‘chaga qochib chiqib, yashirinish uchun joy izlardim… O‘g‘lim bir yoshga to‘lgan kuni u ikkimizni kursiga o‘tqazib, biz tomon pichoq o‘qtala boshladi. Nima qilayotganini anglamas edi, nazarimda.

Qo‘shnilar ustimizdan arz qila boshlagach, biz boshqa shaharga, uning ota-onasi yoniga ko‘chib bordik. Erim u yerda bolalarni kaltaklaydigan odat chiqardi. Shuning uchun uyda aroq paydo bo‘ladigan bo‘lsa, bolalarni olib, ko‘chaga qochadigan bo‘ldim. Mana shunday "qocha-qoch" tufayli tez-tez kasal bo‘lardim.

Oradan vaqt o‘tib, qiz farzandli bo‘ldik. Ammo erim ish izlay demasdi. Ba’zan ko‘chadan ish topib, 200-500 som olib kelib qolardi. Aksariyat hollarda nonga muhtoj o‘tirardik. Yon-verimizda men qarzdor bo‘lmagan do‘kon qolmadi.

Bir kun yorildim: "Yolvoraman, ish top! Yuragim bezovta qilyapti, doktorga uchrashim uchun 200 som ber!". Uning ko‘zlaridan uchqun sachradi: "Sen kimsan-ki menga ish buyurasan?", uydagi bor idish-tovoqni chilparchin qilib, chiqib ketdi.

U odam faqat tun yarimlaganda kirib keldi. Vannaxonada edim. Sochlarimdan changallab, zalga olib chiqdi. Bolalar hozir nima ro‘y berishini tushunib, qochib ketishdi. Men yuztuban yiqilgach, tepkilay boshladi, sochlarimdan sudradi. Og‘riqdan dod solardim, kimdir yordamga kelishini so‘rab, yolborardim.

Shovqin-suronni eshitib, qo‘shnilar yugurib kelishdi. Ular bu vahshiyga aytgan gaplari hamon yodimda: "Ehtiyot bo‘l, uni o‘ldirib qo‘yishing mumkin". Men militsiya chaqirdim, ammo ular kelishiga erim qochib ketdi.

Meni kasalxonaga yotqizishdi. Uning qarindoshlari menga 2650 som yubordi — bu davolanishimga yetgulik pul edi. Boshqa ularni ko‘rmadim.

Hozir tikuvchilikni o‘rganyapman. Bolalarimni oyoqqa turg‘aza olaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, endi-endi orzu qilishni boshladim. Ilgari shundan ham mahrum edim…

Boshpanada yashash shartlari

Ayollar markazda bir oydan uzoq vaqt qololmaydilar. Zarurat tug‘ilsa, ular tranzit uyga o‘tkazilishi mumkin. U yerda ojizalar 8 oygacha qolishlariga ruxsat beriladi. "Nur" ijtimoiy tranzit uyi rahbari Anora Omurkulovaning aytishicha, bu yerga tushish oson emas.

"Ayol ishlashi muhim, axir bu yerda turish pulli. Oyiga 1000 som olinadi: bu shunchaki rasmiyatchilik, odam o‘zini tekinxo‘r his qilmasligi uchun", — deb hikoya qiladi ayol.

Omurkulovaning so‘zlariga ko‘ra, tranzit uyda ayollar tikish-bichish, manikur-pedikur, sartaroshlik sirlarini o‘zlashtiradilar va hatto, buxgalteriya kurslarini o‘qib tugatishlari mumkin. Ularga ishga joylashishda ham yordam beriladi.

Shunday bo‘lsa-da, ijtimoiy xizmatchi Asel Ibraimovaning so‘zlariga ko‘ra, bu ayollarni normal hayotga qaytarish oson ishmas.

"Vahshiy bilan yillar davomida yelkama-yelka yashab kelgan bu ayollar tobelikka ko‘nikadilar. Aksariyati biron ish qilishni xohlamaydi, ular uchun biz hal qilishimizni kutib o‘tirishadi. Ular boshqacha hayotni bilmaydilar", — deb ta’kidlaydi Ibraimova.

Ko‘ngilli ishchilarning hikoyasiga qaraganda, erlari do‘pposlaydigan ayollarning ko‘pincha borishga joyi bo‘lmaydi. Qarindoshlari esa bundaylarni nafaqat qabul qilmaydilar, balki, erga u xato ish qilayotganini aytishni xohlamaydilar. "Sezim" markazi xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ayollar ko‘pdan-ko‘p holatlarda aynan qarindoshlari tufayli barcha azob-xo‘rliklarga chidab keladilar.

"Bir ayol markazimizga qizini olib keldi. Kattagina tadbirkor bo‘lgan kuyovi qizini qattiq do‘pposlarkan. Qizi bir oz vaqt bu yerda turgach, ayol uni olib ketgani keldi: "qaytaylik, yashashga pulimiz qolmadi" degan bahonada. Qizi onasiga ergashdi", — hikoya qiladi Bibisora Risqulova.

Voqeaning davomi: oradan vaqt o‘tib yosh kelinchak yana markaz ostonasida ko‘rinish berdi. Uning onasi esa ko‘ngilli ishchilarimizni sudga berish bilan qo‘rqitdi. Onaxonning aytishicha, xodimlarimiz uning qizini "manqurt"ga aylantiribdi, qizi unga qo‘l ko‘taradigan er bilan yashashni xohlamay qolganmish.

Aynuraning boshdan kechirganlari

O‘sha mash’um kunni hech qachon unutmayman — 12-iyul, 2016-yil. O‘n bir yashar qizimni qo‘shnimiz ushlab olib, zo‘rlashga harakat qilgan. Bu ko‘rgulik uning singlisi ko‘z o‘ngida ro‘y bergan. Baxtli tasodif tufayli qizaloqlarim zo‘ravonning qo‘lidan qutulib qolgan.

Men militsiyaga ariza yozdim. O‘sha vaqtdayoq qo‘shnilarimning yuqorida odamlari borligi haqida eshitgan edim, ammo baribir oxirigacha borishga qaror qildim. Navbatdagi jarayondan so‘ng sudlanuvchining qarindoshlari meni va advokatimni do‘pposlashdi. Men kasalxonaga tushdim.

Erim avval boshdanoq mening ariza yozishimga qarshi edi. Qaysidir lahzada u chiday olmadi: "O‘zing hal qil!", dedi va Rossiyaga jo‘nab ketdi. To‘rt bola bilan qoldim.

Tahdidlar davom etavergach, bolalar bilan Bishkekka qochdim. Kichik farzandlarim qaynonamning qo‘lida qoldi. Qizlarga juda og‘ir bo‘ldi. Qishloqdagilarning ayrimlari qizimning o‘zi — o‘n bir yashar bola! — o‘sha erkakni shunday qilishga majbur qilgani haqida gap tarqatishdi. Qizlarim doim bu gapni takrorlashadi! Ular kechalari uxlamasdi, yig‘lardi, qo‘rqardi. Hozir qizlarim bilan bolalar ruhshunosi shug‘ullanyapti.

Yo‘q, men hech narsadan afsuslanmayman. Har safar sudga boraman: ammo u ko‘pincha kechiktiriladi. Shunday bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishimga ishonaman!

Yangiliklar lentasi
0