TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Toshkent shahar IIBB vakillari poytaxtda nima sababdan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini berish va almashtirish jarayoni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgani sababini tushuntirib berishdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Bundan avval, ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar bazasi buzilib qolganligi tufayli guvohnomalarni berish to‘xtatib qo‘yilganligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. IIBB bu xabarlarni rad etdi. Haydovchilik guvohnomalarni berish oddiy sabablarga ko‘ra, ya’ni IIV migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining yangi binoga ko‘chish o‘tishi bilan bog‘liq.
"Ko‘chib o‘tish tugagandan keyin, serverlar ishga tushgandan so‘ng biz pasport va haydovchilik guvohnomalarini berishni boshlaymiz", — deb ta’kidladi Toshkent shahar IIBB boshliq o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida.
Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini Chilonzor, Yunusobod, Sirg‘ali, shuningdek, "Fayzobod" dahasidagi ro‘yxatga olish va imtihon qabul qilish bo‘limida olish mumkin.
Aniq muddatlarga keladigan bo‘lsak, bundan avval IIBB yangi binoga ko‘chib o‘tish jarayoni 11-fevralda o‘z yakuniga yetishini ma’lum qilgandi. Biroq brifingda huquq tartibot organ xodimlari ko‘chib o‘tish yakunlanishining aniq sanasini aytishmadi va bu jarayon bir necha kunga cho‘zilishi mumkinligini ta’kidlab o‘tishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq fuqaro yangi shakldagi haydovchilik guvohnoma olishdi. O‘tgan ikki oy davomida yangi namunadagi haydovchilik guvohnoma berilishi boshlangandan beri 1977 kishi avtomaktab o‘quv kurslarini bitirgan haydovchilar olishdi. 8404 kishi esa eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishgan.
Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi 10-yil muddatga beriladi. Amaldagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2017-yil 1-oktabr — 2018-yil 31-dekabr davrida ixtiyoriy ravishda, 2019-yil 1-yanvar — 2020-yil 31-dekabr davrida majburiy tartibda amalga oshiriladi.