TOShKENT, 8 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni "Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarorni imzoladi.
Prezident qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan meyorlari tasdiqlandi:
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;
O‘zbekiston Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;
O‘zbekiston Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda — 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;
xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida — 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilandi.
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan meyorlari doirasida tovarlar olib kirilganda ularni yozma deklaratsiyalash talab etilmaydi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar 3 000 AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan olib chiqishlari mumkinligi belgilandi.
Ammo, ayrim turdagi tovarlar uchun olib chiqishning quyidagi meyorlari tasdiqlandi:
guruch — 3 kg.gacha, non mahsulotlari — 5 kg.gacha, go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 2 kg.gacha, shakar — 2 kg.gacha, o‘simlik yog‘i — 2 kg.gacha, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalar — 40 kg.gacha.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlarning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan olib kirish meyorlari ham belgilandi. Xususan: alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo — 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari — 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar — 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari — 65 gr.gacha.