TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Zamonaviy ayol — bu o‘zining reproduktiv funksiyalarini hayotga tatbiq etayotgan, oila qo‘riqchisigina emas, balki biznes-ledi, kuchli va mustaqil, aniq maqsadli, shu bilan birga ayollik latofatini yo‘qotmagan shaxsdir, dedi Sputnik O‘zbekiston muxbirining "Zamonaviy ayol qanday bo‘lishi kerak?", degan savoliga javoban Demokratiya va inson huquqlari instituti rahbari Sayyora Xodjayeva.
Huquqshunos so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy o‘zbek oilasi — o‘tgan asrlardagi oilalardan, eng avvalo, his-tuyg‘u va ruhiy funksiyalari bilan tubdan farq qiladi. Ta’kidlanishicha, ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar tobora hissiyotli bo‘lib bormoqda, bu bir-biriga chuqur muhabbat bilan ifodalanmoqda, nega deganda, aksariyat odamlar uchun farzand — hayotning eng muhim boyligiga aylanmoqda.
"Albatta, katta megapolisdagi oila va uning sarhadidagi oila — bu mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalar. Sharqona mentalitet tufayli, viloyatlarda an’anaviy oilalar ustunlik qiladi — bunda ota yetakchi, ona esa ro‘zg‘or ishlari bilan band.
Dunyo o‘zgardi, shu jumladan odamlar ham, shu bois hotirjam va hamma narsani qabul qiladigan ayollar o‘zgardilar. Yaxshi yoki yomon tomonga emas, shunchaki o‘zgardilar. Bugungi kunda ustuvorlik o‘zgargani tufayli, ushbu holat bugungi ayolda iz qoldirmay qolmadi. Ayol oila uchun yaralgan degan nazariya, asotirlar haqida ko‘plab eshitganmiz. Ayolning joyi uyda, u farzandni dunyoga keltirishi va uni tarbiya qilishi, turmush o‘rtog‘i haqida g‘amxo‘rlik qilishi, ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanishi kerak va hokazolar… deyishadi
Aynan shunday model ko‘plab yillar "ish bergandi", xo‘sh, unda bugun nima o‘zgardi? Uy bekasi bo‘lishni hozir ham ko‘plab ayollar orzu qiladilar, shunday hayotga intilishadi, ammo agar er yoki oila ta’minotchisi bo‘lgan kishi oiladan ketishni xohlab qolsa, eski tog‘ora oldida qolish ehtimoli mavjud. Va shunday tendensiya bugun keng tarqalgan, chunki bugun oila instituti — xavf ostida.
Respublikadagi soni faqat ortayotgan ajrimlar miqdori ham shundan dalolat bermoqda.
Markaz oldiga esa oila institutini mustahkamlash, "Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat" konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini olib borish, zamonaviy oilani rivojlantirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazish, ular asosida oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilaviy ajrashishlarning oldini olish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari qo‘yilgan", — dedi Xodjayeva.