TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.
Mun Chje In Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston prezidenti timsolida O‘zbekiston — Janubiy Koreya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy do‘st, maslakdosh va hamfikrga ega bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Koreya rahbari, shuningdek, Mirziyoyevning zamonaviy O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini yuksak baholadi. O‘zbekiston va Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning yangi bosqichi muhim vazifalari va ustuvor maqsadlariga ko‘ra mushtarak ekani qayd etildi.
Muloqotda ikki mamlakat rahbarlari O‘zbekiston — Janubiy Koreya hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdi.
Koreya Respublikasi prezidenti ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionatida yoshlar terma jamoamiz ko‘rsatayotgan ajoyib o‘yin va jamoamiz musobaqa finaliga chiqqani bilan samimiy qutladi.
O‘z navbatida, Mirziyoyev Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqiga Pxonchxanda tashkil etiladigan va jahon sporti tarixiga kiradigan, haqiqiy do‘stlik va o‘zaro anglashuv bayramiga aylanadigan qishki Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini chin dildan tiladi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari va an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladilar.