TOShKENT, 30 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2018-yil 1-yanvardan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlarida ishlovchi shifokor-pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanishi belgilandi.
Qarorda davlat tibbiyot tashkilotlarining yordamchi bo‘linmalarini (oziq-ovqat bloklari, kir yuvish xonalari, tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish va h.k.) xususiy sektor vakillariga berish orqali davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, xususiy tibbiyot tashkilotlariga shartnoma asosida davlat tibbiyot tashkilotlarining ba’zi bir tibbiy xizmat turlari (laboratoriya, gemodializ, sterilizatsiya va boshqalar) ham o‘tkaziladi. Ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy ta’lim muassasalaridan birining faoliyati tashkil etiladi.
Shuningdek, Koreya Respublikasining tibbiyot markazlari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda "AKFA MEDLINE" MChJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazi tashkil etiladi.
Hujjatda xususan, "Asaka" aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga har bir hudud uchun hajmi 1 million AQSh dollari miqdorida bo‘lgan navbatdagi 14 million AQSh dollari hajmidagi transh kredit mablag‘larini ajratish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklariga xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilgan.