TOShKENT, 22 yanv – Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga bo‘lgan ishchi tashrifi davomida selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari vakillariga navbatma-navbat so‘z berildi. Ular o‘z tumanlarida mavjud bo‘lgan muammolarni aytib, ularni hal qilishda prezidentdan yordam so‘rashdi.
Xususan, Boysun tumani vakili, so‘zga chiqib Boysunda uzoq yillardan beri hal qilinmay kelgan suv muammosini yechishda yordam bergani uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi. Vakilning so‘zlariga ko‘ra, prezident qarori bilan ajratilgan 52 mlrd so‘m yordamida 18 qishloq suv bilan ta’minadi.
“Xalq, ayting prezidentimizga, 4-5 oyda suv keladi, bizning Boysunimizda mehmon bo‘lsin, bir piyola choy ichsin”, — deb boysunlik otaxon tuman xalqi taklifini prezidentga yetkizdi.
Mizrobod tumani vakili, tuman hududidan o‘tgan, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlashda yordam so‘radi.
“Mehnatobod, Mehrigiyo, Sopollitepa mahallalarini kesib o‘tuvchi 16 km, Yangidiyor mahallasidan Qorakamargacha bo‘lgan umumiy 30 km yo‘l abgor ahvolda. Shuni ta’mirlashda yordam bersangiz”, — dedi vakil.
“Mingdan ming sizga rahmat. Menga do‘st bo‘lgan odam kamchilikni aytadi. Kamchiliklarimizni aytaversak ertaga oldimizdan chiqadi, bir-birovimizni maqtayversak – ertaga u ham oldimizdan, bugungidek (muammo ko‘rinishida) bo‘lib chiqadi”, — deb prezident muammoni ochiq aytgan vakilga minnatdorlik bildirdi.
“Uzun tumani markazi shaharsozlik bo‘yicha talabga javob bermaydi. Ish o‘rinlari va yirik sanoat korxonalari yetishmaydi”, — dedi Uzun tumani vakili.
Prezident, haqiqatdan ham ushbu tumanda shaharsozlik borasida sovet davridan keyin hech narsa qilinmaganini qayd etdi.
“Hokim bilan shoshilmasdan reja tuzinglar, qanday yo‘llar, uylar, poliklinikalar quriladi. Bir oy ichida. Ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Markaziy bank bilan borib ish bilan ta’minlash rejasini bersizlar”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jarqo‘rg‘on tumani vakili tumanda 100 km dan uzunroq kollektiv zovurlar borligini, lekin oxirgi yillarda ular sifatli qazilmayotganini aytib, to‘rtta sektorga to‘rtta yuqori unumdorli ekskavator berishni so‘radi.
“Hamrayev to‘rtta yangi ekskavator 15 kunda yetkazib berasiz”, — dedi prezident.
Qumqo‘rg‘on vakili, tumanda ko‘p qavatli uylar ko‘pligi, lekin kanalizatsiya yo‘qligi ta’kidladi va loyiha asosida kanalizatsiya tashkilllashtirda yordam so‘radi.
“To‘g‘ri masala ko‘tardingiz. Biz sog‘liqni deyapmiz, kanalizatsiya eng muhim masala. Buni albatta bu yil tugatib beramiz”, — dedi prezident.
Sarosiyo tumani vakili so‘zga chiqib — Bizda meva sabzavotlar juda ko‘p yetishtiriladi, lekin ularni qayta ishlaydigan korxona yetarli emas. Bizda sanoat ham unchalik rivojlanmagan. Iloji bo‘lsa shu yetishtirilgan mahsulotni rayonda qayta ishlash uchun imkoniyat yaratishga amaliy yordam bersangiz, — dedi.
Prezident Sarosiyo vakilining so‘zlarini ma’qulladi va kelajakda tuman paxtasini yildan yilga kamaytirib meva sabzavotga o‘tkazilishi mumkinligini, lekin qayta ishlaydigan korxona bo‘lmasa u yerda natija bo‘lmasligi ta’kidladi.
“Surxon elini men juda hurmat qilaman. Nimagaki, sizlar aytsanglar – bajarasizlar. Sizlar kamgapsizlar, lekin mardsizlar. Bu haqiqat.
Mana shunday tanti xalq, yaxshi yashashga, yaxshi sharoitda yashashga haqli. Lekin shu sharoitni yaratishga hammamiz belimizni mahkam boylab, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak — ana shunda natija bo‘ladi. Xalqimizga xiyonat qilmasak, yolg‘on gapirmasak, adolat bilan xizmat qilsak.
Xudo nasib qilsin, 3-4 yil ichida Surxondaryoda tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarishlar bo‘ladi. Chunki xalqimiz adolatli siyosatga ishonayapti. Yosh o‘sib kelayotgan xalqimiz — ertangi kunga ishonyapti. Oilamiz tinch bo‘lsin”, — deb so‘zini yakunladi prezident.