TOShKENT, 1 yanv — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Yangi yil murojaati — bu ayrim davlatlarda davlat rahbari yoxud hukumat rahbarining an’anaviy tarzda fuqarolarga murojaati bo‘lib, u Yangi yil kirib kelishi arafasida televidenie orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi.
Murojaatda davlat yetakchilari, odatda, Yangi yil bilan tabriklaydilar, o‘tayotgan yilning qisqacha sarhisobini qiladilar va kelayotgan yil istiqbollariga to‘xtaladilar.
Turli davlatlarda prezidentlar o‘z xalqiga murojaatda nimalarni yodga olgani haqida yodga olamiz.
O‘zbekiston: yangi an’ana, bag‘rikenglik va ertangi kunga ishonch
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi prezidenti Islom Karimovning o‘zbek xalqiga tabrigi "Axborot" dasturi orqali o‘qib eshittirilar edi. Ammo 2017-yil yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev yana bir yangi an’anani urfga kiritdi. Prezident o‘z xalqiga yangi yil murojaatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri — onlayn tarzda amalga oshirdi.
Mirziyoyev o‘z bayram tabrigida "xalqning fidokorona mehnati bilan 2017-yilni barcha sohalarda yorug‘ yuz bilan yakunlashga erishdik, xalqning ertangi kunga ishonchi tobora mustahkamlanmoqda", deb ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbari tabrigining o‘ziga xosligi yana shunda o‘z ifodasini topdiki, yetakchi nafaqat O‘zbekiston xalqini, balki uzoq va yaqin barcha mamlakatlar xalqlarini ham, Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga tinchlik va ravnaq tiladi.
Mirziyoyev 2018-yilda O‘zbekiston xalqining hayot darajasi va sifatini, barcha toifadagi aholi daromadlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratishga va’da berdi.
Rossiya: beg‘araz muhabbat va fidoyilar
Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘zining Yangi yil murojaatida Rossiya fuqarolariga ijobiy o‘zgarishlar tiladi hamda rossiyaliklarga Rossiyaga bo‘lgan ishonchlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezident 2017-yilning so‘nggi daqiqalarida mamlakat fuqarolarini kechirimli bo‘lishga, bir-birlarini bag‘irlariga bosib, muhabbat izhor qilib, bir-birlaridan mehr va e’tiborni ayamaslikka chaqirdi.
Bundan tashqari, Putin ayni vaqtda mehnat qilayotgan va o‘z professionallik burchini ado etayotganlarga alohida tabrik yo‘lladi. Rossiya prezidenti o‘z tabrigi yakunida rossiyaliklarga farovonlik va muvaffaqiyat, shuningdek, "yagona va sevimli Rossiya gullab-yashnashi va unda tinchlik hukm surishini" tiladi.
Shimoliy Koreya: Kim Chen In xalqini Yangi yil bilan tabrikladi
KXDR rahbari o‘z murojaatida stoli ustida doimiy turadigan yadro tugmasi haqida gapirdi.
Pxenyan "to‘xtatib turish kuchiga ega bo‘lgani uchun AQSh Shimoliy Koreyaga qarshi urushni boshlay olmaydi", — dedi u va mamlakatda yadroviy kuchlar yaratilishi yakunlanganini ma’lum qildi.
Mojaro boshlangudek bo‘lsa, "AQShning butun hududi" javob zarbasi ostida qoladi", — deya ishontirdi Kim Chen In.
AQSh: mamlakatni buyuk ishlar kutmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z do‘stlari, dushmanlari, shuningdek "g‘irrom OAV"larga baxtli Yangi yil tiladi.What a year it’s been, and we're just getting started. Together, we are MAKING AMERICA GREAT AGAIN! Happy New Year!! pic.twitter.com/qsMNyN1UJG
— Donald J. Trump (@realDonaldTrump) 31 dekabrya 2017 g.
"Mamlakatimizning salohiyati va aqli shiddat bilan o‘smoqda va men o‘z do‘stlarimga, tarafdorlarimga, dushmanlarimga, mendan nafratlanadiganlarga va hatto yolg‘on xabarlar tarqatuvchi axborot OAVlariga baxtli va sog‘lom Yangi yil tilayman. 2018-yil — Amerika uchun buyuk yil bo‘ladi", — deb yozgan Tramp o‘z Twitterida.
Ukraina: Poroshenko mamlakat taraqqiyot va rivojlanish bosqichiga o‘tgani haqida bayonot qildi
Ukraina prezidenti Petr Poroshenko o‘z murojaati avvalida mamlakatning sharqiy chegarasi mudofaasida turgan ukrainalik jangchilarni alohida tabrikladi. Poroshenko, shuningdek, Qrim va Sevastopol, Donesk va Lugansga o‘z tilaklarini yo‘lladi.
"Aka-singillarim, sizning uyingiz — Ukraina… Bizning uyimizni xonavayron qilgan g‘animni esa — vaqti keladi — quvamiz va jazolaymiz", — dedi u.
Ukraina rahbari Yevropa davlatlariga vizasiz kirib borayotgan yuz minglab ukrainaliklarni ham esga oldi hamda barchani "Yevropaga qarab dadil va qaytmas qadamlar qo‘yilayotgani" bilan tabrikladi.
Poroshenko urush oqibatida yuzaga kelgan bir necha yillik inqirozdan keyin Ukraina tiklanish va taraqqiyot bosqichiga o‘tganini, Yangi yilda Hukumat rivojlanish salohiyatini kuchaytirishini, aksariyat ukrainaliklarning hayot darajasini oshirish hukumat qo‘lidan kelishi to‘g‘risida gapirdi va ukrainaliklarni birlikni saqlashga, o‘z mamlakatiga ishonishga va mehnat qilishga chaqirdi.