TOShKENT, 14 sen — Sputnik. Joriy yil 22-iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qirqinchi sessiyasida viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati jiddiy tanqid qilingan edi.
Ayni vaqtda Samarqand viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurash kuchaytirilgan.
"Zarafshon" nashrining xabar berishicha, shu kunlarda Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi O.Murodov tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan Samarqand viloyatida ishchi guruh ish boshlagan.
Ishchi guruh tomonidan shahar va tumanlarda jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish holati o‘rganilib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb yozadi nashr.
Joriy yil 11-sentabridan boshlangan profilaktik tadbirlar natijasida bir qator jinoyatlar aniqlangan va oldi olingan. Jumladan, Toyloq tumanidagi tadbirlarda xonadonlarning birida "kamaris" giyohvand moddasi yetishtirilayotgani aniqlangan. Xonadon yerto‘lasidan ma’lum miqdorda "marixuana" giyohvand moddasi topilgan.
Shuningdek, Bulung‘ur tumani hududida haydovchiga nisbatan sodir etilgan bosqinchilik jinoyatini sodir etgan uch nafar shaxs aniqlanib, ushlangan.
Ta’kidlash joizki, viloyat tumanlari orasida so‘nggi vaqtlarda Bulung‘ur tumanida jinoyatning og‘ir turlari ko‘p sodir etilmoqda. Xususan, yaqinda yosh oilada sodir etilgan qotillik (er tomonidan xotinning pichoqlab o‘ldirilishi va ushbu holatni yashirishga urinish) hamda ayollar o‘rtasida arzimas sabab bilan kelib chiqqan janjalda bir ayolning ikkinchisini pichoqlab qo‘yishi… Tuman aholisining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda "Mehrjon" mahallasi raisi mahallada 1 oy ichida 25ta jinoyat sodir etilishi tufayli raislikdan ozod etilgan.