TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi ikkinchi kunida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov axboroti tinglandi, deb xabar qildi Hukumat portali.
Oliy Majlisi Senati tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari ustidan kuchli jamoatchilik va parlament nazoratini o‘rnatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10-apreldagi Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish to‘g‘risidagi farmoni ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlarni yangi bosqichga ko‘targani qayd etildi.
Shuningdek, IIV rahbari respublika hududida jinoyatlarning kamayishiga erishilgani to‘g‘risida bayonot bergan.
Bobojonovga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 ming 788 taga, jinoyat qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar 5 ming 722 taga pasaygan. Xususan, qotillik 122 taga, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 94 taga, nomusga tegish 92 taga, bosqinchilik 78 taga, talonchilik 142 taga, o‘g‘irlik 511 taga, firibgarlik 107 taga, bezorilik 848 taga, transport vositalarni olib qochish 17 taga kamaygan.
Joriy yilda O‘zbekistonning 1 ming 79 mahallasida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Xorazmda "Jamoatchilik nazorat maskanlari" yo‘lga qo‘yilgani evaziga mavjud mahallalardan 25 foizi, Namangan shahri "Orzu" mahallasidagi ijobiy tajribadan samarali foydalanilishi natijasida viloyatning 20 % mahallasi jinoyatdan holi hududga aylantirilishiga erishilgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 107, Surxondaryoda 139, Jizzaxda 53, Navoiyda 52, Andijonda 126 mahallada jinoyat sodir etilmadi.
Vazir kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tgan: jinoyatchilik statistikasi olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga hali javob bermasligini ko‘rsatayotganini aytgan.
Amalga oshirilgan kompleks islohotlarga qaramasdan, ayrim rahbar xodimlar tomonidan uning mazmun-mohiyatini to‘liq tushunmasdan, o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, hanuz eski qolip asosida ish olib bormoqda. Buning oqibatida qator hududlarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oshib ketishiga, qidiruvda yurgan shaxslarning soni kun sayin oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.
Majlisda bunday holatlarga barham berish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirilgan.