TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi "O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini ma’qulladilar.
Majlisda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxodjayev ushbu Mudofaa doktrinasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab qo‘yilgan vazifalarni ijro etish doirasida tayyorlanganini qayd etdi.
Hujjat respublikaning qonun hujjatlariga va xalqaro huquq normalariga asoslanadi, mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, hozirda yuz berayotgan harbiy nizolar xususiyatidan kelib chiqadi, shuningdek mudofaa sohasidagi davlat siyosatining istiqboldagi ustuvorliklarini, Qurolli Kuchlarni tayyorlash, tashkil etish va qo‘llash asosiy prinsiplarini hamda yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Shuningdek harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar ko‘lami o‘zgarishiga, harbiy-siyosiy vaziyat shart-sharoitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, O‘zbekistonning harbiy tuzilmani rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin.
Muhokama davomida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi harbiy sohadagi milliy xavfsizlikni ta’minlashga doir rasmiy qarashlar, prinsiplar va yondashuvlar tizimini o‘zida ifodalashini ta’kidladilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.