TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari pezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.
O‘zbekiston va AQSh rahbarlarining 2017-yil may oyida Ar-Riyoz shahrida va joriy yil sentabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya, moliya, texnologiyalar sohalarida va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga xizmat qilmoqda.
Mirziyoyev Donald Trampga O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShga tashrifi chog‘ida uyushtirilgan samimiy qabul, shuningdek, AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan yirik biznes-forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zi va ushbu anjumanni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida Tramp O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, uning mehnatkashligi tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi. U mamlakatda amalga oshirilayotgan, demokratik va iktisodiy isloxotlarning yangi boskichi jumladan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan anik tadbirlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
AQSh prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Davlat rahbarlari Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashda uni xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda Afg‘oniston prezidentining dekabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan muayan loyihalarni amalga oshirish borasidagi kelishuvlarga yuksak baho berildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko‘rib chiqish maqsadida Tramp Mirziyoyevga AQShga rasmiy tashrif bilan borishni taklif etdi.
Suhbat yakunida ikki mamlakat rahbarlari bir-birini kirib kelayotgan 2018-yil bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarni izhor qildilar.