TOShKENT, 5 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Ko‘ksaroyda o‘tgan muzokaralar yakunida OAV vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani o‘z nutqini o‘zbek tilida boshladi.
Ashraf G‘ani o‘zbek tilidagi nutqi chog‘ida o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari zaif bo‘lganligini aytdi va ushbu tarixiy tashrif endilikda mamlakatlarning o‘zaro aloqasiga yangicha mazmun berishini ta’kidladi.
Ashraf G‘ani, shuningdek, Afg‘onistondagi uchinchi rasmiy til — o‘zbek tili ekanligini va bundan afg‘on xalqi nihoyatda iftixor qilishini qo‘shimcha qildi.
Afg‘oniston prezidenti, shuningdek buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodidan bir bayt o‘qib berdi.
Afg‘oniston prezidentining o‘zbek tilidagi nutqi uchrashuv ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashraf G‘anining o‘zbek tilidagi nutqini olqishlab, bu ikki xalqning tarixi, tili, madaniyati yaqinligidan dalolat ekanligini qayd etdi.
"Kecha yarim soat gaplashganimizdan so‘ng bizga tarjimon kerak bo‘lmay qoldi", — dedi Mirziyoyev.
Prezidentlar ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda bo‘lib o‘tgan muzokaralar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.