TOShKENT, 19 dek – Sputnik. O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi amaldagi bank xizmatlariga belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiqdi, deb xabar qilmoqda Markaziy bank xabar bermoqda Markaziy bank.
Banklararo kelishuvga ko‘ra, bank xizmatlari bo‘yicha o‘rnatilgan tariflar tavsiyaviy tariflardan asossiz oshirmaslik, ortiqcha tariflar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda banklar tomonidan tasdiqlangan tariflarni o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish belgilandi.
Tavsiyaviy tariflarga muvofiq 187 ta xizmat turi ko‘rib chiqilib, 63 ta xizmat turi bepul amalga oshirilishi, 86 ta xizmat haqi 15 foizdan 95 foizgacha arzonlashtirilishi, shuningdek xorijiy valyutada o‘rnatilgan 7 ta xizmat haqi milliy valyutaga o‘tkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bepul amalga oshirilishi belgilangan xizmatlarning 29 tasi jismoniy shaxslarga, 25 tasi yuridik shaxslarga, 9 tasi esa yuridik va jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hisoblanadi.
Jumladan, mijozlardan olinadigan kredit ajratish bo‘yicha 10 ta, buxgalteriya hisobini yuritish va bank hisobvaraqlari ochish bo‘yicha 12 ta, xorijiy valyutadagi xizmatlar bo‘yicha 9 ta, plastik kartalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 11 ta, jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan chakana bank xizmatlari bo‘yicha 17 ta va boshqa xizmatlar bo‘yicha 4 ta xizmat haqlari bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 12-sentabrdagi O‘zbekiston prezidentining “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Unda, asosiy e’tibor, bankning ratsional daromadliligini ta’minlagan holda tijorat banklari tarif siyosatlarini optimallashtirish va shu orqali bank xizmatlari jozibadorligini oshirish va yangi mijozlar jalb etishga, eng asosiysi, mijozlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga qaratilgan.