TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Markaziy bank tomonidan tijorat banklari fuqarolardan valyuta sotib olishi uchun zarur naqd pul mablag‘lari bilan ta’minlanadi. Bu haqda 12-avgust kuni Markaziy bankning tegishli qarori tasdiqlandi.
Tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shaxobchalari orqali naqd chet el valyutasini sotib olish uchun tijorat banklari filiallarini yetarli miqdorda naqd so‘m bilan ta’minlash maqsadida Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari tijorat banklari filiallariga madad pullari beradi.
Madad pullari Markaziy bankning hududiy boshqarmalari hisob-kitob-kassa markazi aylanma kassasidagi naqd pullar hisobidan beriladi.
Jismoniy shaxslardan chet el valyutasini xarid qilish uchun so‘mda madad puli berish O‘zbekiston Markaziy banki Respublika inkassatsiya xizmati joylardagi boshqarmalari (bo‘limlari) orqali tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar, tijorat banklarining yozma buyurtmalari hamda Respublika Markaziy banki va uning joylardagi boshqarmalari farmoyishlari asosida amalga oshiriladi.
Bank filiali rahbari, bosh buxgalteri va kassa mudiri Markaziy bankning joylardagi boshqarmalaridan chet el valyutasini sotib olish uchun olingan madad pullarining butligini ta’minlash hamda maqsadli ishlatilishi bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.