TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekiston banklari xorijiy valyuta sotib olish masalalari byo‘icha ishonch telefonlarini tashkil etdi.
Markaziy bankning xabar berishicha, yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar chet el valyutasini cheklanmagan miqdorda sotib olishlari va o‘z ixtiyorlariga ko‘ra sotib olingan mablag‘larni joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun yo‘naltirishlari mumkin.
Iste’mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga chet el valyutasini jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda, banklardagi hisobvaraqlar orqali sotib olishga ruxsat beriladi (bunda sotib olingan xorijiy valyuta mijozning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi va mijozga xalqaro to‘lov kartasi taqdim etiladi).
Xorijiy valyutani sotib olish bilan bog‘liq savollar yoki muammolar vujudga kelgan hollarda Markaziy bankning 200-00-44, 212-60-23, 212-60-82 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Markaziy bank shuningdek, respublikadagi boshqa banklarning ham ishonch telefonlari raqamlari ro‘yxatini bergan.