TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekistonda kelgusi yilda paxta xom ashyosini to‘qimachilik korxonalariga sotishning yangi sxemasi tajriba tariqasida joriy etiladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Endi mahalliy to‘qimachilik sanoat korxonalari "oq oltin"ni boshqa vositachilar, shu jumladan turli davlat tuzilmalarini chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklaridan sotib olishadi.
Bugungi kunga qadar mahalliy to‘qimachilik korxonalari paxta tolasini eksport narxlar bo‘yicha monopol yetkazib beruvchi — «O‘zpaxtasanoateksport» XKdan xarid qilishga majbur edi. Mazkur tartib to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning rentabelligi va raqobatbardoshligini pasaytirgan.
O‘zbekiston prezidenti tomonidan tashabbus qilingan eksperimentga muvofiq, to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha asosiy xarajatlarining tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi. Bunda korxonalarga yetkazib berilgan paxta xom ashyosidan faqatgina keyinchalik chuqur qayta ishlash va tayyor raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladi.
To‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilinadigan paxta xom ashyosi narxi fermer xo‘jaliklarining haqiqiy xarajatlarini va rentabelligini tahlil qilishdan kelib chiqib, shartnoma asosida belgilanadi va davlat ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan narxlardan past bo‘lmasligi lozim. Prezident hukumatga 2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi uchun davlat xaridi narxi belgilanishi haqida topshiriq berdi.
To‘qimachilik sanoati korxonalari olingan chigitni shartnoma asosida yog‘-moy korxonalariga, qo‘shimcha mahsulotlarni (lint, o‘lik paxta) boshqa iste’molchilarga realizatsiya qiladi.
Shu yilda O‘zbekistonda 2,9 million tonna paxta yig‘ib olindi. Respublika paxtani yetishtirish va eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoning yetakchi 10 mamlakat ro‘yxatiga kiradi.
O‘zbekiston hukumati bayonotiga ko‘ra, 2020-yilga qadar mahalliy korxonalarning quvvati O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini to‘liq qayta ishlashni ta’minlaydi. Bu o‘z navbatida bu mahsulotni eksport qilish hajmini sezilarli pasayishiga olib kelishi mumkin. 2017-yil oxiriga qadar mamlakatda paxta tolasini ichki qayta ishlashni 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2020-yilgacha O‘zbekistonda yengil sanoat sohasida qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 150 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.