TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Bugun "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, soha xodimlarini tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident qishloq xo‘jaligi xodimlarini bugungi bayram bilan qutlar ekan, jumladan shunday dedi: "Mamlakatimizda hamma soha vakillarining bayrami bor. Lekin barchamizni, butun xalqimizni boqadigan, kiyintiradigan qishloq xo‘jaligi xodimlarining bayrami shu paytgacha yo‘q edi. Maxsus qonun qabul qilib, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilaganimiz, o‘ylaymanki, hayotimizdagi yana bir adolatli qaror, xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi."
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, xalqni kartoshka bilan to‘la ta’minlash uchun yiliga o‘rtacha 50 ming tonna sifatli kartoshka urug‘ini yetishtirish talab etiladi.
"Buning uchun Gollandiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriya uskunalariga ega bo‘lgan mahalliy urug‘chilik markazi va maxsus korxonalar tashkil etishimiz kerak", deb ta’kidladi prezident.
Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda mamlakatda yetishtirilayotgan 1 million 200 ming tonna paxta tolasini O‘zbekistonda to‘liq qayta ishlab, xorijga faqat tayyor mahsulotlar eksport qilishni yo‘lga qo‘yish zarurligini bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, paxtachilik bo‘yicha o‘z tajriba maktabini yaratayotgan fermerlar sonining ko‘payib borishi natijasida joriy yilda gektaridan o‘rtacha 50 sentnerdan ziyod hosil olgan fermerlar 1 ming 121 tani, 45 sentnerlik marrani egallagan fermerlar 2 ming 130 tani, 40 sentnerchilar 7 ming 208 tani tashkil etdi.
Oxirgi 20-yilda e’tibordan chetda qolgan baliqchilik sohasini tiklash uchun "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi tashkil etilib, uning tizimiga 3 ming 600 ta baliqchilik xo‘jaligi kiritildi. Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sun’iy ko‘llarda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.
Mamlakatda bu yil birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasi sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natija berdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilindi. 724 ming tonna ho‘l meva chetga sotildi va 856 million dollar valyuta tushdi.
Prezident farmoni bilan bayram arafasida agrar sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan, mamlakat qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan 167 kishi Vatanning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.