TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti o‘zining chet elga birinchi tashrifini O‘zbekistondan boshlagani biz uchun juda qadrli, xalqimiz nomidan Sooronbay Jeenbekovni prezident bo‘lib saylangani bilan tabriklayman, dedi chorshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralardan so‘ng ikki davlat prezidentlari OAV vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Mirziyoyev o‘z nutqi davomida 2017-yil — tarixiy yil bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
"Bu yil hech mubolag‘asiz — tarixiy yil. Diplomatik munosabatlarda bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi. Qirg‘iziston prezidenti bilan oliy darajadagi uchrashuvlarda uchinchi bor ko‘rishib turibmiz. Bu bizning xalqlarimiz xohishidan kelib chiqdi. Nega men bu yilni tarixiy deb atayabman? Chunki, akam, hurmatli Almazbek Sharshenovich bilan birgalikda bir yil ichida uzoq yillar davomida to‘planib qolgan masalalarga yechim topdik. Va bu hal etilgan masalalar xalqlarimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqning qo‘llab-quvvatlashi — bu buyuk ishdir", — dedi Mirziyoyev.
Mirziyoyev o‘z nutqi davomida O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan barcha jabhalarda, xususan, xalqaro tashkilotlar doirasida ham yaqin hamkorlikni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekov ham o‘z navbatida erishilgan kelishuvlar xalqlarimiz kutgan voqea bo‘lganini, o‘zaro munosabatlar tarixida qoladigan shunday xayrli ishlarga hissa qo‘shganidan mamnun ekanini ta’kidladi.