TOShKENT, 13 dek — Sputnik. "Buyuk xalqdan yuksak mukofotni oldim. Bunday baxt hammaga ham nasib qilavermaydi. Men bugun baxtliman", degan so‘zlarni aytdi "Danaker" ordeni bilan taqdirlangan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Ordenni qabul qilib olgan Mirziyoyev o‘z minnatdorligini bildirar ekan, samimiy nutq so‘zladi.
"Buyuk xalqdan yuksak mukofotni oldim. Bunday baxt hammaga ham nasib qilavermaydi. Men bugun baxtliman. O‘zbekiston prezidenti bo‘lishdek baxt nasib etganidan taqdirdan minnatdorman. Mana shu qisqa vaqt mobaynida uzoq yillar davomida amalga oshirilmagan ishlar qilindi. Men bu mukofotni qirg‘iz xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmati, muhabbati va ehtiromi ramzi sifatida qabul qilaman. Men juda minnatdorman", — dedi O‘zbekiston prezidenti.
So‘ngra Jeenbekovga murojaat qilar ekan, Almazbek Atambayev uni bunday yuksak mukofotga loyiq deb topganidan g‘oyatda minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston prezidentining bu samimiy iqrori zalda olqishlar bilan qarshi olindi.
O‘z nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyev ushbu yuksak mukofot unga prezident sifatida yanada katta mas’uliyatni yuklaganini va ikki xalq o‘rtasida qo‘yilgan ko‘prik yanada mustahkam bo‘lishi uchun mehnat qilishda davom etishini aytdi. "Bu ko‘prik ikki xalqning buyuk kelajagi uchun xizmat qiladi", qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
Ikki prezidentning OAV vakillari uchun bayonoti o‘z yakuniga yetganida, zalni orden bilan tark etayotgan O‘zbekiston prezidenti jurnalistlarga qarata hazil gap aytdi. "Eslaringizda bo‘lsin, bugungi matbuot-anjumani tarixiy bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti matbuot-anjumanini orden bilan tark etmagan shu paytgacha. Bu ordendagi tilla va kumushlar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigiga ham yetadi". Prezidentning ushbu so‘zlari zaldagilarga xushkayfiyat ulashdi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikalari o‘rtasida strategik sheriklik va an’anaviy do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu yuksak mukofotga loyiq ko‘rilgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaralaridagi nazorat o‘tkazuv punktlari ochildi, ikki mamlakat chegaradosh viloyatlari delegatsiyalari o‘zaro tashriflarni amalga oshirdi hamda savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi.