TOShKENT, 12 dek — Sputnik. Pekindagi Gugun muzeyi jamlanmasi yaqinda Buyuk Ipak yo‘lining antiqa xaritasi bilan boyidi, deb xabar qilmoqda Sinxua axborot agentligi.
Ushbu xarita uzunligi 30,12 metr eni 59 santimetrli ipak matoga chizilgan bo‘lib, unda qadimiy karvon yo‘llari joylashgan 211ta shahar va qishloqlar nomi bitilgan. Ular orasida Samarqand, Hirot, Isfaxan va Damashq shaharlari ham bor. Xarita Xitoyning shimoli – g‘arbidagi “Szayuyguan” chegara qo‘riq punktidan boshlanadi.
Xaritaga asosan, Buyuk Ipak yo‘li Osiyo Afrika qit’alarida joylashgan 10ta mamlakat hududlari — Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Afg‘oniston, Eron, Suriya, Iroq, Saudiya Arabistoni va Misr orqali o‘tadi. Xaritaga ko‘ra, Buyuk Ipak yo‘li Makka shahrida tugaydi.
Xarita Xitoyda 1368 – 1644-yillarda qirollik qilgan Min dinastiyasi davriga mansub bo‘lib, u 1930 yillardan buyon Yaponiyada saqlanib kelgan ekan.
Qizig‘i shundaki, yaponiyada uni Min dinastiyasi davrida chizilgan tabiat manzarasi deb hisoblashgan ekan. Bunga sabab – xaritada ko‘rsatilgan barcha shahar va joylar nomlari mo‘g‘ul, fors yoki arab tilida bitilgani bo‘lgan.
Ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu noyob topilma Shimao Group kompaniyasi rahbari Suy Junmao tomonidan 20 mln dollarga sotib olinib Gugun muzeyiga sovg‘a qilingan.
Olimlar fikriga ko‘ra, ushbu xarita to‘liq emas, aslida uning uzuligi 40 metrlar bo‘lishi kerak. Ayni damda xarita restavratsiya qilinmoqda.
Tarixchi olimlar fikriga ko‘ra, Buyuk Ipak yo‘liga Xitoyda miloddan oldingi 206-yildan – 23-yilga qadar hukumatni boshqargan “G‘arbiy Xan” dinastiyasi davrida asos solingan. U Xitoyning Sian shahridan boshlanib Italiyaning Rim shahriga qadar yetib borgan.