TOShKENT, 10 dek – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev yangi tashkil etilgan Qishloq xo‘jalik xodimlari kunida so‘zlagan nutqida, agrar sohasida kadrlar yetishmovchiligi muammosiga katta e’tibor qaratdi va muammoni hal qilish uchun bir qator takliflar kiritdi.
Afsuski, oxirgi 20-yil mobaynida biz agrar tarmoqni ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirishga yetarlicha e’tibor bermadik. E’tiborsizligimiz tufayli mavjud ilmiy-tekshirish institutlari moliyaviy muammolar girdobiga, nochor ahvolga tushib — “chalajon” bo‘lib qoldi.
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi (sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi) tarkibida ayni paytda 11 ta ilmiy- tadqiqot instituti va 44 ta ilmiy-tajriba stansiyasi mavjud.
Bundan tashqari, bevosita Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 4 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 3 ta filiali, shuningdek, 132 ta kasb-hunar kolleji faoliyat ko‘rsatmoqda.
Lekin Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Andijon va Samarqand qishloq xo‘jaligi institutlarining ilmiy salohiyati va kadrlar tayyorlashdagi mavqeyi yildan-yilga pasayib bormoqda.
Agar o‘tgan asrning 80-90 yillari bilan solishtiradigan bo‘lsak, ushbu oliy ta’lim muassasalarida ilmiy, pedagogik va amaliy tajriba borasida salohiyat keskin pasayib ketgan.
Qishloq xo‘jaligida aniq mezonlar asosida kadrlar tayyorlashning yagona tizimi mavjud emas. Bunga vazirlik va oliy ta’lim dargohlari rahbarlari ham umuman e’tibor qaratmayapti, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bugun oliy ta’lim muassasasi yoki kollejda o‘qiyotgan talaba ertaga qayerg
a ishga boradi, amaliyotda uning bilim va mutaxassisligiga aynan qanday talablar qo‘yiladi, u shu talablarga javob beradimi-yo‘qmi – buni hech kim bilmaydi.
Hatto shu darajaga borib yetdiki, auditoriyada talabaga boshqa narsa o‘qitiladi, amaliyotda esa undan umuman boshqa bilim va ko‘nikma talab etiladi.
Agrar tarmoqdagi biror-bir oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasasi ishlab chiqarish yoki amaliyotning aniq buyurtmasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlayotgani yo‘q va, afsuski, bu bo‘yicha hali harakat ham boshlanmagan. Shunday ekan, malakali va raqobatdosh mutaxassis-kadrlar tayyorlash to‘g‘risida qanday gapirishimiz mumkin.
Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch o‘quv dargohlari va o‘quv-metodik markaz sifatida belgilangan edi. Lekin har ikkala ta’lim muassasasining rahbariyati ham bu borada o‘z zimmasidagi vazifani to‘la uddalayotgani yo‘q. Andijon va Samarqand qishloq xo‘jaligi institutlarining faoliyatini esa qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Bugungi davr shuni taqozo etmoqdaki, oliy ta’lim muassasasi va kollejlardagi o‘quv dasturlari ishlab chiqarish, firma va kompaniyalarning aniq talab va buyurtmalari asosida tuzilishi va raqobatdosh kadrlarni tayyorlab berishi kerak.
Agar talab bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi va kollej mutaxassis tayyorlashi kerak, muayan yo‘nalish bo‘yicha bitirayotgan kadrlarga ehtiyoj bo‘lmasa yoki kadrning bilim saviyasi va ilmiy darajasi past bo‘lsa, bunday o‘quv muassasasi yopilishi zarur.
Bu borada bir misol keltiraman. Farg‘ona vodiysida bir necha yillardan buyon zararli hasharotlar paxta maydonlariga sezilarli darajada ziyon yetkazapti. Lekin vodiydagi birorta o‘quv dargohida olim va mutaxassislar bunday kasalliklarga qarshi kurashish haqida jiddiy bosh qotirayotganlari yo‘q.
Sohada ilmiy kadrlar yetishmovchiligi tufayli to‘planib qolgan muammolarni hal etish maqsadida, prezident quyidagilarni taklif qildi:
1. Yangi o‘quv yilidan boshlab doktorantlar stipendiyalarini sezilarli darajada oshirish.
2. Yangi o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligining tor mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturada kadrlar tayyorlashni to‘liq budjet grantlari hisobiga o‘tkazish taklif etiladi.
3. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy dasturlarni moliyalashtirishga Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larni 2017-yildagi 39 milliard so‘mdan 2-3 yilda 150 milliard so‘mga yetkazish topshiriladi.
4. Agrosanoat kompleksi tarkibidagi 14 ta ilmiy-tadqiqot institutini keyingi 2-yilda Davlat budjetidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkazish lozim.
5. Bularga qo‘shimcha ravishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy muassasalarni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlashga 20 million dollar ajratish Moliya vazirligiga topshiriladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning ilmiy-tajriba stansiyalarini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalari bilan ta’minlashni tubdan yaxshilashdan iborat.
Qaror loyihasida qishloq xo‘jaligida ilmiy izlanishlarni moliyalashtirish va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus jamg‘arma tuzish haqida taklif nazarda tutilsin. Jamg‘armaning manbai sifatida ayrim mahsulotlarga solinadigan aksiz solig‘ining qat’iy belgilangan ajratmalarini belgilashni taklif etaman, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev ushbu borada Moliya vazirligiga, kerakli muassalar bilan birgalikda bir oy muddat ichida taklif tayyorlashni topshirdi.
Prezident nutqining to‘liq matni bilan quyida tanshing.