TOShKENT, 6 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq va suv xo‘jaligi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan 5434-sonli qarorni imzoladi.
Unda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suv tejash texnologiyalari, innovatsiyalar va suvdan foydalanish samaradorligiga jiddiy e’tibor berilmayapti.
Ushbu sohada vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadida prezident, Qishloq va suv xo‘jaligi boshqaruvini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. Xususan, Quyi Sirdaryo, Quyi Amudaryo va Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari qaytadan tashkil etilib, ularning o‘rniga Quyi Sirdaryo, Sirdaryo-Zarafshon, Quyi Amudaryo, Amudaryo sohili chap qirg‘og‘i, Zarafshon va Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tashkil qilinadi.
Undan tashqari, qishloq va suv xo‘jaligida investitsion loyihalarni amalga oshirish Markazi paydo bo‘ladi. Ushbu Markaz chet el sarmoyalarini jalb qilish, imtiyozli kreditlar va grantlar berish, samarali investitsion loyhalar amalga oshirish, tenderlar o‘tkazish, shartnomalar imzolash va boshqa ishlar bilan shug‘ullanadi.
Boshqaruv kadrlari faoliyatida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Bundan buyon viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida viloyatlar qishloq va suv xo‘jaliklari boshqarmalari rahbarlari vazifasini bajaradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi raisining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Qoraqalpog‘iston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaradi.
Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayevga Sentabr oyining oxiriga qadar qishloq xo‘jaligi sohasini ta’minlovchi infraqurilma obyektlarining to‘liq ro‘yxatini tuzish topshirildi. Undan tashqari, Mirzayev qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtiruvchilar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar orasidagi muomalalarni belgilaydigan barcha normativ hujjatlarni ham ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Ushbu ma’lumotlar asosida 2018-yilning 1-yanvariga qadar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatayotgan barcha tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yangi hujjat ishlab chiqariladi.