Prezident farmoniga binoan kimlar afv etiladi

© Sputnik / Maksim BlinovZaklyuchennie v kolonii
Zaklyuchennie v kolonii - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti tomonidan mamlakat tarixida ilk marotaba 2700 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risida farmon qabul qilindi

TOShKENT, 7 dek – Sputnik. 6-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Prezident matbuot xizmati ushbu farmonga sharh berdi.

Sharhda aytilishicha, qonunga rioya qilmagan, biroq o‘z qilmishining qonunga xilofligini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslarga o‘z oilasiga va jamiyatga qaytishi, ijtimoiy moslashish imkoniyatining berilishi o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining amaldagi yorqin ifodasidir.

Prezident farmoniga muvofiq 2 700 nafar sudlanganlar afv etiladi

"Shu paytgacha har yili amnistiya to‘g‘risida hujjatlar qabul qilingan. Ta’kidlash joizki, amnistiya ozodlikka chiqariladigan shaxslarning aniq guruhini belgilamaydi. Amnistiya to‘g‘risidagi aktda faqat jinoyat turlari ko‘zda tutilib, ozodlikka chiqariladigan shaxslar amnistiya to‘g‘risidagi hujjat ijrosini ta’minlash jarayonida aniqlanadi.

Amnistiya aktidan farqli ravishda, afv etish masalasini hal etishdan oldin har bir mahkumning shaxsi, ular tomonidan sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi, sodir etilish holatlari va oqibatlari, yetkazilgan zararning qoplanganligi, shuningdek, jabrlangan tomon va jamoatchilik munosabati har tomonlama va puxta o‘rganib chiqiladi", deyiladi sharhda.

Sharhda bildirilishicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan mamlakat tarixida ilk marotaba 2 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida farmon qabul qilindi.

"Ushbu farmon bilan afv etiladigan mahkumlarga tez kunlarda o‘z oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish imkoniyati yaratildi", deyiladi sharhda.

qamoqxona - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekstonda 40 minga yaqin kishi amnistiya qilindi

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 29-sentabrda prezident tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyish qabul qilindi.

Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ularning shaxsini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga, uning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligiga, jinoyat natijasida yetkazilgan zararning qoplanganligiga, yoshi, sog‘ligiga, oilaviy ahvoliga va yengillashtiruvchi boshqa holatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha o‘rganildi.

Yangiliklar lentasi
0