TOShKENT, 7 dek – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Navoiy xalqaro intermodal logistika markazi faoliyatini keskin tanqid qildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston telekanali.
Eslatib o‘tamiz, Navoiy xalqaro yuk tashish aeroporti 2008-yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni chet ellarga yetkizib berish, Osiyo va Yevropa mamlakatlari orasida O‘zbekiston orqali tez va qulay yuk tashish hamda kelajakda Frankfurt yoki Singapur kabi ommaviy transport xabiga aylanish maqsadida qurilgan edi.
Yillik yuk o‘tkazish quvvati 100 ming tonna bo‘lgan aeroport Korean Eyr aviakompaniyasi boshqaruviga berilgan edi. Lekin o‘tgan 8-yil davomida tashib o‘tilgan yuklar umumiy hajmi bor-yo‘g‘i 300 ming tonnani tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkich yildan yilga kamayib bormoqda.
Aytish joizki bunday muvaffaqiyatsizlikning bir necha sabablari bor. Ulardan asosiysi – aeroport qurilishi va boshqarishida yo‘l qo‘yilgan jiddiy strategik xatolar bo‘lgan.
Undan tashqari, aeroport majmuasi haligacha qurib bitkazilmagan. Xususan, yonilg‘i va moy saqlash omborxonalari ishga tushmagan, aviatsiya kerosini yetkazib berishda doimiy uzulishlar bo‘lib turibdi.
Ikkinchidan, aeroportlagi bojxona xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tufayli yuklarni ko‘zdan kechirish juda uzoq davom etmoqdi. Uchinchidan, aeroportdagi xizmat ko‘rsatish narxlari ham ancha baland.
To‘planib qolgan ushbu muammolar natijasida, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ushbu aeroport orqali yuk yetkazib berishga bo‘lgan qiziqishi so‘ngan. Ular ancha uzoq bo‘lsada, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni Toshkent aeroporti orqali yubormoqda.
Dengiz yoki okeanga chiqish yo‘li bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bunday transport majmuasining benuqson ishlab turishi juda muhim. Shuning uchun, yaqin orada ushbu aeroport faoliyatini optimallashtirish maqsadida prezident qarori ishlab chiqiladi. Unda aeroport ehtiyojlari 100 % ga qondirilishi hamda dunyoning yetakchi transport xablari tajribasini o‘rganib, ularni Navoiy logistika markaziga tadbiq qilish belgilanadi.