TOShKENT, 27 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish yo‘lga qo‘yildi.
Sinxua xabariga ko‘ra, 41 vagondan iborat temir yo‘l poyezdi 24-fevral kuni 1000 tonna miqdoridagi paxta tolasi ortgan holda Toshkentdan Siandagi Sinchju temir yo‘l bekatiga borgan.
Yangi marshrut yuk tashish uchun ketadigan vaqtni 1 oydan 15-18 kungacha qisqartirgan.
Har oyda Xitoyga O‘zbekistondan 3 ming tonnaga yaqin yuqori sifatli paxta tolasi import qilinadi. Mahsulot Siandan Xitoyning shimoliy va sharqiy hududlariga olib ketiladi.
Siandan Markaziy Osiyoga temir yo‘l qatnovi 2013-yildan yo‘lga qo‘yilgan. Bu yo‘l orqali qatnov Yevropaga qadar davom etadi. 23-fevral holatiga ko‘ra, shu yo‘nalishda 290-marta qatnov amalga oshirilib, 454 ming tonna yuk turli shaharlarga, jumladan Olmaota, Hamburg va Moskvaga yetkazilgan.