TOSHKENT, 1 dek — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonga imzo chekdi.
Unga koʻra, quyidagilar nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib hisoblanadi:
nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash;
tibbiy yordam darajasi va sifatini oshirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda tugʻma nuqsonlar va irsiy kasalliklar oʻsishining sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va oldini olishni ham nazarda tutuvchi profilaktika tadbirlarini kengaytirish boʻyicha skrining tekshiruvlarining samaradorligini koʻtarish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan oʻzaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda boʻlishi, shahar yoʻlovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obʼyektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini taʼminlovchi inklyuziv taʼlim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish;
"Muruvvat" va "Saxovat" internat-uylarida vasiylikka olinganlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish, ularning reabilitatsiyasi va ijtimoiylashuvi samaradorligini oshirish.
Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi quyidagilarni taʼminlash choralarini koʻrishi lozim:
viloyatlar, tumanlar markazlarida umumtaʼlim maktablari negizida imo-ishora tili va Brayl alifbosini oʻrgatish boʻyicha ushbu sohadagi mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus kurslarni tashkil etish;
tegishli materiallarni nashr qilishni ragʻbatlantirish, muhim sohalarda audiokitoblar yaratish va ularni joriy etishni nazarda tutgan holda imo-ishora tili va Brayl alifbosini qoʻllash imkoniyatlarini kengaytirish;
koʻrish aʼzolari zaif shaxslarga ovoz eshittirish imkonini yaratish maqsadida turli xildagi dasturiy taʼminotlarga davlat tilida maxsus dasturlar yaratish, ularni ushbu shaxslar oʻqiyotgan va ishlayotgan taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarda keyinchalik erkin tarqatish, oʻrnatish, shuningdek, mazkur dasturlarni yaratish uchun salohiyatli homiylar topish;
davlat organlari va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun joylashtirilgan maʼlumotlar bilan erkin tanishish va xizmatlardan foydalanishga oid qoʻshimcha imkoniyatlar joriy etish.
2018 yil 1 martdan nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yoʻlovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlanishi belgilandi.
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etiladi.
2018 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat koʻrsatish turi va uni amalga oshirish joyidan qatʼi nazar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxs hisoblangan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun bir oyda eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar hisobidan ishga yollangan har bir ishchi uchun — bir oyda eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida qatʼiy belgilangan soliq stavkasi oʻrnatiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi xamda boshqa ommaviy axborot vositalariga efirga uzatilayotgan yangiliklar, telekoʻrsatuvlar va videofilmlarning subtitr yoki surdo tarjima bilan olib borilishini tashkil etish, nogironligi boʻlgan shaxslarning axborot olish imkoniyatini oshirish va boʻsh vaqti maroqli oʻtishini taʼminlash uchun maxsus harfli nashrlarni kengaytirish tavsiya qilindi.
Farmonning toʻliq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.