TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Qarorga muvofiq "O‘zpaxtasanoat" va "O‘zpaxtaeksport" aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtirish, shuningdek, "O‘zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasini tugatish asosida paxtachilik tarmog‘i uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot — "O‘zpaxtasanoat" aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirishning maqbul yo‘llarini belgilab olish maqsadida "O‘zpaxtayog‘" aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdan ajratib chiqarildi.
Yangi tashkil qilingan "O‘zpaxtasanoat" AJga qayta tashkil etilgan kompaniyalarning mol-mulklari, ularning davlat ulushlari, huquq va majburiyatlari bilan birga o‘tkazildi. "O‘zpaxtasanoat" AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning miqdori va shtatlar soni optimallashtirildi, shu bilan birga mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Sifat" paxta tolasini sertifikatlash markazining "O‘zstandart" agentligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi boshqa muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi.
Paxtachilik tarmog‘ida moliya intizomini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.