TOShKENT, 31 okt – Sputnik. Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bir guruh fermer xo‘jaliklari rahbarlari "Zarafshon" gazetasida "Yolg‘on raqam daromad emas" sarlavhali maqola orqali paxta rejasini qo‘shib yozish holatiga munosabat bildirdi.
Maqolada yozilishicha, ular 30-oktabr kuni mamlakat bosh vaziri A.Aripov olib borgan paxtani yog‘in-sochin kunlarga qolmay yig‘ib-terib olishga bag‘ishlangan favqulodda selektor yig‘ilishida ishtirok etishgan.
"Ochig‘i, yig‘ilishda aytilgan gaplarni tinglab, suyagi paxta dalalarida qotgan va sohada ko‘p yillik tajribaga ega dehqon-fermer sifatida bir jihatdan, uyatdan yuzimiz qizardi, ikkinchi jihatdan, bunday qing‘irliklarni fosh etgan Prezidentimizga rahmat aytdik", — deyiladi maqolada.
Mualliflar bu yil tarozi joylari va paxta zavodlarida jamoatchilik nazorati, elektron kuzatuvlar yo‘lga qo‘yilganini, paxta rejasini bajarish bu – musobaqa, shon-shuhrat emasligini, uning zamirida qishloq ahlining, qolaversa, butun davlatning daromadi, farovonlikning manbai turganligini ta’kilashadi.
"Hosilni uvol qilish, reja ijrosiga qo‘shib yozish o‘z oyog‘iga bolta urish bilan barobar. Biz bunday nojo‘ya harakatni qattiq qoralaymiz va hamkasblarimizni bu xil nopoklikka yo‘l qo‘ymaslikka chorlaymiz", deya yakunlanadi maqola.