TOShKENT, 29 noya — Sputnik. "Mana, yaqinda ish faoliyatimizga bir yil to‘ladi, aholimiz, bizga katta umid va ishonch bildirgan xalqimiz oldida amaliy ishlarimiz bilan hisobot beradigan vaqt keldi", — deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda.
Yig‘ilish davomida Mirziyoyev bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini, bunda O‘zbekiston xalqining fidokorona mehnati bilan ijobiy samaralarga erishilayotganini qayd etdi. "Shu bilan birga, aholini bezovta qilayotgan ko‘pgina muammo va kamchiliklar ham o‘z yechimini kutib turibdi. Odamlarimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun yaxshi yashashni, munosib hayot kechirishni istaydi. Shuning uchun biz olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishimiz, ularning sifati va samaradorligini yanada oshirishimiz zarur", dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, prezidentga ko‘ra, aksariyat rahbarlar tomonidan tartib-intizom va mas’uliyatning bo‘shashtirib yuborilgani, ular o‘z faoliyatini zamon talablari asosida tashkil eta olmayotgani, xizmat vazifasiga loqaydlik va beparvolik bilan munosabatda bo‘layotgani umumiy natijadorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta’minlash, ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.
Prezident iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan o‘zgartirish zarurligini, har bir hudud, har bir oila, har bir fuqaroning hayotiy muammolarini hal qilishga yanada keng e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.
Mirziyoyevga ko‘ra, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni ta’minlamagani uchun turli bo‘g‘indagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, Vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga mas’uliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Prezident O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish, xalqning hayot darajasi va sifatini oshirish masalasi birinchi navbatda ilm-fan, yuksak texnologiyalar, zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Va ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
"Bizning saxovatli zaminimiz yer osti va yer usti boyliklariga, inson resurslariga, bilimli va yuqori malakali kadrlarga boy. Lekin, afsuski, biz mana shunday ulkan salohiyatimizdan unumli va samarali foydalana olmayapmiz", dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va san’at, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bilan bog‘liq vazifalarga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda 2018-yilning birinchi choragida bajariladigan aniq vazifalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.