TOShKENT, 27 noya — Sputnik. O‘tgan haftada avval bitta, so‘ngra ketma-ket qator xorijiy nashrlarda samarqandlik yuqori sinf o‘quvchilari va talaba qizlarning yoppasiga ginekologiya tekshiruvidan o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu yangilikni butun dunyoga tarqatgan internet nashrlarning ayrimlari o‘z xabarlariga "samarqandlik o‘quvchi qizlarning bokiraligi tekshirilmoqda", degan sarlavha tanladilar.
Nima emush, "qizlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish uchun" ularni ginekolog ko‘rigidan o‘tkazish qarori qabul qilinganmush. Bokira-bokiramasligi ayon bo‘lgach, qizlarning ota-onasi bilan malakali psixologlar suhbat o‘tkazayotganmush…
Xullas, chet el nashrlari yozayotgan xabarlarga ko‘zi tushgan o‘zbekistonliklar hayratdan yoqa ushlagan bo‘lsa, bir nashr tomonidan "o‘z manbasiga tayangan holda" to‘qib yozilgan uydirma xabarni boshqa o‘nlab nashrlar ko‘chirib bosishdi.
Bu bilan nomi dunyoga mashhur qadim Samarqandda "bokira qizlar borasida ahvol chatoq"ligi hammaga ma’lum qilindi.
Aslida-chi?
Samarqandlik yuqori sinf o‘quvchilaring bokiraligiga shubha bilan qaragan internet nashrlarning "tezkor" jurnalistlari Samarqand viloyati hokimligiga bir bor qo‘ng‘iroq qilib bu xabarni rost-yolg‘onligini tekshirib ko‘rishdimi?
Yo‘q.
Samarqand viloyati hokimligi axborot-xizmati rahbari Nuriddin Boliyev Sputnik O‘zbekiston muxbiri Dilshoda Rahmatovaga bu xabarlar yolg‘onligini ta’kidladi.
"Qaysi ota-ona o‘z farzandini maktab tomonidan ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishga qo‘yib qo‘yadi? Albatta, bu xabarlar yolg‘on", — dedi u.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot-xizmati rahbari Eldor Muhammadiyev "Bu viloyat sha’niga dog‘ tushirish maqsadida qilingan buyurtma", — degan taxminni bildirdi.
Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining bu xabarga rasmiy munosabatini yaqin soatlar ichida Sputnik O‘zbekiston nashrida e’tiboringizga havola qilamiz.