TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Toshkent shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida "Qizlarjon" klubi tashkil etildi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
Shu kunlarda O‘zbekistonning barcha mahallalarida, ta’lim maskanlarida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan "Qizlarjon" klublari tashkil etilmoqda. Turin politexnika universiteti huzuridagi akademik litseyda ish boshlagan mazkur klub ham ma’lum bir mehnat turi bilan band bo‘lmagan, ayniqsa, ijtimoiy faolligini namoyon eta olmayotgan xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga xizmat qiladi, deyiladi hokimlik xabarida.
Klub 7 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh xotin-qizlarni ixtiyoriy ravishda birlashtirib, ularning ezgu maqsadlar yo‘lida faolligini oshirish, kasb-hunar egallashi uchun sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordamlashadi.
Klubning mashg‘ulot va yig‘ilishlari bir necha yo‘nalishlarda tashkil etilib, ishtirokchilarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, uzluksiz ta’lim, yuksak ma’naviyat va milliy madaniyat targ‘iboti, ijtimoiy faollikni oshirish, to‘y va marosimlarni ixchamlashtirish, ma’naviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratiladi.