TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro suv hamkorligi shartnomasi bo‘lmagani tufayli har yili 4,5 mlrd $ zarar ko‘rmoqda, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu fikr Olma-Otada bo‘lib o‘tgan, Markaziy Osiyo suv resurslari muammolariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda, MOHEM direktori Iskandar Abdullayev tomonidan bildirildi.
“Chegaralar uzra o‘tgan suv resurslarini boshqarish borasida tizimli hamkorlik qilinmasa, ushbu hududda suv resurslari uchun jiddiy raqobat paydo bo‘ladi. Biz, hamkorlarimiz bilan birgalikda, kichik darolarda ish olib bormoqdamiz, hududiy ishchi guruhlar faoliyatini qo‘llab quvvatlamoqdamiz va ushbu masalalar hal qilinishini barcha vositalar yordamida targ‘ib qilmoqdamiz”, — dedi Abdullayev.
Ekologning fikriga ko‘ra, ayni damda hududdagi mamlakatlar shunday nuqtaga yetgan-ki, ushbu sohada o‘zaro suhbat olib borilmasa va hamkorlik qilinmasa bu – barchaga qimmatga tushadi.
“Tabiat resurslaridan hamkorlikda foydalanmaslik – qimmatga tushadi va iqtisodiy jihatdan mutlaq o‘zini oqlamaydi. Hamkorlik bo‘lmagani tufayli hududdagi yo‘qotishlar kamida 4,5 mlrd $ ni tashkil qiladi”, — dedi ekspert.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘qotishlar qishloq xo‘jaligi, elektr energiyasi hamda xalqaro moliya resurslarini olish sohalarida yuz bermoqda.
Iskandar Abdullayevning fikriga ko‘ra, ushbu sohada muvaffaqiyatga erishishning yagona uslubi, bu – mamlakatlar orasida o‘zaro suhbat olib borish, hamkorlik o‘rnatishdir.
“Biz bir narsani yaxshi tushunishimiz kerak – suv masalasi bu faqat texnik, rejalashtirish yoki bo‘lish yoki gidrotexnik inshootlar qurish masalasi emas. Bu siyosiy masala ham, bu qonunchilik borasida hamkorlik qilish masalasi, bu — ushbu sohaga qarorlar qabul qiladigan rahbarlarni jalb qilish masalasi ham. Texnik mutaxassislar hamkorlikka allaqachon tayyor, lekin siyosiy iroda bo‘lmasa buni amalga oshirib bo‘lmaydi”, — dedi Abdullayev.
Mutaxassis xabariga ko‘ra, uning boshqaruvida bo‘lgan Markaziy Osiyo Hududi Ekologik markazi (MOHEM) ushbu borada oxirgi yillar davomida bir necha anjumanlar o‘tkazdi, ushbu sohada dunyoning ilg‘or mamlakatlari tajribasini o‘rgandi va hududdagi mamlakatlar orasida o‘zaro ishonchni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazdi.