TOShKENT, 22 noya — Sputnik. "O‘zbekenergo" AJ elektr stansiyalaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Lutfulla Nurullayev kompaniya 2018-yilning qish mavsumiga to‘liq tayyor ekanligini ma’lum qildi.
"O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22-iyundagi "Respublika iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini 2017/2018 yillarda kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida joylarda mukammal ta’mirlash ishlarini sifatli bajarilishiga katta e’tibor bergan holda barcha korxona va tashkilotlarda tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Yuqoridagi dasturga asosan O‘zbekiston bo‘yicha 18 320 km elektr uzatish tarmoqlari va 6272ta transformator puntklarini mukammal ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, bugungi kunda 100,9%ga mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi", — dedi Nurullayev.
Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida "O‘zbekenergo" tomonidan 44,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi hududlarga yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 milliard kilovatt soatga ko‘p demakdir.
"O‘zbekenergo" rahbariyati qish mavsumida uzilishlar bo‘lmasligiga va’da berdi.
Anjumanda jurnalistlardan kelib tushgan savol asosida O‘zbekiston Respublikasida aholi tomonidan elektr energiyasini iste’mol qiladigan viloyatlar uchligi haqida ma’lumot berildi.
Respublikada elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yetakchi o‘rinda Samarqand viloyati (216 mln kilovatt soat) egallasa, ikkinchi o‘rinnda Namangan (134 mln) va uchinchi o‘rinda Andijon viloyati (132 mln kilovatt soat atrofida) turar ekan.