O‘zbekistonda elektr va gaz uchun to‘lovlarning yangicha tariflari joriy etiladi

CC BY-SA 2.0 / Ken Teegardin / Kalkulyator
Kalkulyator - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Respublikaning elektr ta’minoti tizimiga yuklamani tenglashtirish maqsadida elektr energiyadan foydalanganlik uchun to‘lovlarning qulay tariflari joriy qilinmoqda

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekistonda 2018-yil 1-yanvardan tadbirkorlar foydalanilgan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlarni yangi tartibdagi tariflarda amalga oshiradilar. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining qarorida belgilab qo‘yildi.

Endilikda, pishgan g‘isht, gips, sement va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, shuningdek, muayan xizmatlar ko‘rsatuvchi (restoranlar, kafelar va boshqalar) iste’molchilar ulangan quvvati 750 kVA bo‘lgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘rnatiladigan o‘sib boruvchi koeffitsiyentlar va tariflarga muvofiq amalga oshiriladi.

Gazoviy elektronniy schetchik - Sputnik O‘zbekiston
"O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" faoliyati qoniqarsiz deb topildi

Ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilar elektr energiya uchun hisob-kitoblarni sutka vaqtlarining tabaqalashtirilgan tarifi bo‘yicha amalga oshiradi. Mazkur tartib budjet tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek, davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Respublikaning elektr ta’minoti tizimiga yuklamani tenglashtirish maqsadida elektr energiyadan foydalanganlik uchun to‘lovlarning qulay tariflari joriy qilinmoqda.

Jumladan, tig‘iz payt – ertalabki va kechki vaqtda (belgilangan tartibda o‘rnatiladi) foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda o‘suvchi koeffitsiyentni qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Eng kam yuklamali soatlarda, ya’ni tungi paytda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamayuvchi koeffitsiyentdan foydalaniladi. Bunda belgilangan tarif yarim tig‘iz paytda, ya’ni sutkaning yorug‘ vaqtida elektr energiya ta’minotiga to‘lovlar uchun saqlanib qoladi.

Davlat rahbarining mazkur qarori O‘zbekistonda zamonaviy energiya samarador va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha faoliyatni jadallashtirishga xizmat qiladi, energiya resurslaridan oqilona foydalanilishini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yiliga 60 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Elektr energiyasi iste’moli yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2000-yilda bir oila bir oyda 114 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgan bo‘lsa, 2016-yilga kelib bu ko‘rsatkich 35%ga oshdi va 160 kVt/soatga yetdi.

Yangiliklar lentasi
0