TOShKENT, 4 noya — Sputnik. O‘zbekiston Turkmanistondan elektr olish tizimini tayyorlash ishlarini yakunladi, dedi "O‘zbekenergo"ning strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sadullayev Sputnik muxbiriga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Elektr energetika Kengashining navbatdagi 51-yig‘ilishi maydonida.
Ilgariroq Turkmaniston energetika vazirligi va "O‘zbekenergo" kompaniyasi elektr energiyasi tranziti va tok uzatish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolagandi. Mazkur hujjat doirasida Turkmanistondan Markaziy Osiyo energiya tizimiga O‘zbekiston orqali elektr energiyasini tranzit qilish rejalashtirilmoqda.
"Bugungi kunda energiya tizimimiz Turkmanistondan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga elektrni tranzit qilishga tayyor. Biz O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 220 va 500 kV quvvatli liniyalarni tayyorlab qo‘ydik. Turkmaniston boshqa mamlakatlarga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagach, biz mazkur liniyalar orqali tranzitni amalga oshiramiz", — dedi Sadullayev Sputnik muxbiriga.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyo yagona energetik halqasini kengaytirish va faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ushbu halqa sobiq Ittifoq davrida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga umumiy quvvatlardan foydalanish va energiya taqchilligida muammoga duch kelmaslik imkoniyatini bergan. Ammo SSSR tarqalganidan keyin mazkur tizim faoliyati to‘xtab qolgan.
O‘zbekistonda yiliga 60 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Elektr energiyasi iste’moli yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2000-yilda bir oila bir oyda 114 kVt/soat elektr energiyasi ishlatgan bo‘lsa, 2016-yilga kelib bu ko‘rsatkich 35%ga oshdi va 160 kVt/soatga yetdi.