TOShKENT, 21 noya — Sputnik. “O‘zbekenergo” va Koreyaning davlat energetika kompaniyasi KERSO O‘zbekistonda elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini avtomatik ravishda jamlovchi SCADA tizimini ishga tushirish bo‘yicha loyiha amalga oshirishni rejalashtirgan, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu mavzudagi muzokaralar bugun Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tdi. Ularda, shuningdek, O‘zbekistonda EMS — energetika tizimini boshqarish tizimini joyri etish masalasi ham muhokama qilindi. Buning uchun energetika obyektlarida taaluqli axborot texnologiyalarini zamonaviylashtirish talab etilar ekan.
Uchrashuv natijasida “O‘zbekenergo” AJ raisi o‘rinbosari Shuhrat Sheraliyev va KERSO vitse-prezidenti Xuang Riol Lyu o‘zaro hamkorlik borasida shartnoma imzolashdi. Shartnoma, dastlab O‘zbekiston energetika tizimini o‘rganish va dispetcherlik boshqaruv tizimida tajriba almashishni nazarda tutgan.
O‘zbekiston energetika tizimini zamonaviylashtirishda SCADA va EMS tizimlarini joriy qilishni moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro rivojlanish va taraqqiyot banklari bilan hamkorlik qilish ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasidan foydalanish yil sayin oshib bormoqda. Masalan, 2000-yilda bir oila bir oyda o‘rtacha 114 kVt/soat energiya xarajat qilgan bo‘lsa, 2016-yilga kelib ushbu ko‘rsatgich 35%ga oshgan va 160 kVt/soatni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025-yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarish salkam 20 %ga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu o‘sish asosan qayta tiklanadigan energiya manbaalariga asoslangan bo‘lib sohaning energiya xarajatlari yiliga 8-10 %ga kamaytirish ham kutilmoqda.