TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektr ta’minoti korxonasi vakilini onlayn ariza yordamida chaqirish mumkin bo‘ldi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, xizmatdan my2.gov.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar foydalanishlari mumkin.
Elektron xizmat yordamida foydalanuvchi onlayn ravishda hisoblagichni o‘rnatish, almashtirish, tamg‘alatish yoki o‘chirtirish uchun mutaxassisni chaqirtirish uchun ariza berishi mumkin.
Arizada fuqaro elektr ta’minoti korxonasining vakili qaysi vaqtda kelishini, ya’ni o‘ziga qulay vaqtni ham ko‘rsatishi zarur.
Interaktiv xizmatdan foydalanish uchun fuqaro portaldagi o‘zining shaxsiy kabinetida ko‘chmas mulk haqidagi maxsus shaklni to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Unda ko‘chmas mulkning kadastr raqami va manzili ko‘rsatiladi.