TOShKENT, 18 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan 2017-yil 22-25 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda.
"Oliy darajadagi muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan", — deyiladi xabarda.
Mirziyoyev Milliy Assambleya spikeri va Koreya bosh vaziri bilan uchrashadi, ikki davlatning yetakchi iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirokidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes forumida ishtirok etadi.
Tashrif yakunlari Strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot qabul qilinishi, shuningdek, turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga doir ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, tijorat kelishuvlari va shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.