TOShKENT, 16 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkentdagi Islom universitetida payshanba kuni o‘tkazilgan Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov o‘zbek xalqi azaldan bag‘rikeng va mehmodo‘st bo‘lib kelganini qayd etdi.
Qadimda O‘zbekiston zaminida yashagan millatlar bir-biriga yelkadosh bo‘lib, og‘irini yengil qilishgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to‘yu-marakada ham ko‘pmillatli xalqimiz bir-birlari bilan hamkoru-hamjihat bo‘lib yashashgan. Bugun ham ushbu an’analarimiz davom etib kelmoqda", — deb qayd etdi o‘z nutqi davomida muftiy.
Usmonxon Alimov, shuningdek, yaqinda O‘zbekiston Musulmonlar idorasiga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashini din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekistondagi millat va elatlar o‘rtasidagi hamjihatlik dunyoning hech bir davlatida kuzatilmaydi, deya O‘zbekistondagi tinchlikni ta’minlashdagi ishlarni e’tirof etib ketganligini ma’lum qildi.
"Bunday axillikning asosiy sababi, mamlakatimizda turli din vakillari yagona maqsad — Vatanimiz O‘zbekistonning yanada obodligi yo‘lida birlashib harakat qilishlaridadir", — dedi muftiy.
Usmonxon Alimov o‘z nutqi yakunida xulosa o‘rnida "Har bir shaxsning dini, millati, kelib chiqishidan qat’iy nazar, avvalo uni insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning olijanob fazilatlaridandir. Shunday ekan, bag‘rikenglik, totuvlik va hamjihatlik asosida hayot kechirish har birimizning sharafli vazifamiz bo‘ladi", — deya ta’kidladi.