TOShKENT, 16 noya – Sputnik. O‘zbekistonda inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish uchun kerakli huquqiy va texnik asos yaratildi, deb xabar qilmoqda Tibbiyot vazirligi matbuot xizmati.
“Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz tibbiyoti ana shu davlatlar qatoridan joy oldi”, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh transplantologi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017 yil boshida o‘tkazgan majlisida O‘zbekiston tibbiyoti sohasini jiddiy tanqid qilib, odamlar kerakli tibbiy xizmatlarni olish uchun chet ellarga borishga majbur bo‘layotgani haqida aytib o‘tgan va murakkab tibbiy operatsiyalarni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Keyin esa sohada davolash muassasalarini jihozlash, kadrlar tayyorlash borasida choralar ko‘rildi. Ayni damda jahondagi eng yetakchi transplantologlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Transplantologiya operatsiyalari O‘zbekistondagi uchta yirik muassasa tomondan o‘tkaziladi:
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi.
Tranplantatsiya operatsiyalari uchun kim donor bo‘lishi mumkinligi O‘zbekiston qonunchiligi tomonidan aniq beligangan.
Quyidagi tirik yaqin qarindoshlar donor bo‘lishi mumkin: qonunchilik asosida, o‘zaro qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-onalar, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillar, er-xotinlar, farzandlar (shu jumladan, asrab olinganlar), buva va buvilar, nabiralar, shuningdek er-xotinning ota-onalari, tug‘ishgan yoki tutingan aka-uka va opa-singillari.
Ammo, ushbu yaqin qarindoshlar: o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, belgilangan holatda o‘zini o‘zi boshqara olmaydigan deb topilgan, ozodlikdan mahrum qilingan, I va II guruh nogironlari, homilador ayollar, narkomaniya, surunkali alkogolizm va toksimaniyadan azob chekayotgan bo‘lsa, ulardan transplantatsiya maqsadida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Transplantatsiya o‘tkazishning zarurati to‘g‘risidagi uzil-kesil qaror Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi.
Operatsiyani o‘tkazish uchun donordan operativ usul bilan uning bir buyragi va (yoki) jigar bo‘lagini olishga undan ongli ravishda va erkin holatda yozma shakldagi roziligini olish kerak. Bunda u har tomonlama tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi darkor.
Transplantatsiya bajarilgandan so‘ng donor va retsipiyent kamida uch yil davomida profilaktik dispanser ko‘rigi bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, ambulatoriya nazoratida bo‘lgan bemorlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli dori vositalari bilan ta’minlanadi.