TOShKENT, 14 noya — Sputnik. O‘zbekiston ayrim viloyatlarida yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) benzin taqchilligi yuzaga keldi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bugungi kunda faqat Toshkent va Toshkent viloyatida joylashgan AYoQSh yonilg‘i bilan ta’minlanmoqda.
Lekin poytaxtdan 70-100 km uzoqlikda benzin topish qiyin.
"O‘zbekneftegaz" kompaniyasidagi manba ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatlardagi AYoQShlar oyiga ikki marta benzin yetkaziladi. Shu sababli, mahalliy aholiga benzin yetishmaydi.
Bunday vaziyat noqonuniy benzin sotuvi rivojlanishiga olib keldi. Xususiy shoxobchalarda ishlaydigan olibsotarlar ajratilayotgan benzinni chetga sotishadi. Viloyatlarda yo‘l chetida turib katta plastik baklajkalarda qo‘lda sotilishini ko‘rish mumkin. Ushbu benzin narxi davlat tomonidan belgilangan narxdan o‘rtacha hisobda 60-90 foizga qimmat sotiladi. Masalan, eng ommabop bo‘lgan AI-80 markali benzin narxi 2800 so‘mda belgilangan bo‘lsada, olibsotarlar ushbu benzinni 4000-5500 so‘mga pullashmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyatni o‘zgartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan neftini qayta ishlash zavodlarini modernitsiya qilish hamda Jizzaxda yangi zavod qurishga qaror qilindi. Bu zavodda yiliga 5 million tonna neftni qayta ishlash natijasida "Yevro-5" standartidagi 3,7 million tonna benzin ishlab chiqariladi. Shuningdek, 700 ming tonna aviatsiya kerosini, suyultirilgan gaz, mazut, bitum va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston orqali Rossiyadan neft olib kelish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.