TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev Xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari 24 sessiyasida Himmat Qo‘chqorovich Oqbo‘tayevni Qo‘shrabot tumaniga hokim etib tasdiqladi.
Ilgariroq Qo‘shrabot tumani hokimi sog‘lig‘i tufayli vazifasidan ozod etilgani haqida xabar qilgan edik.
Joriy yil 10-iyun kuni Samarqand viloyatida bo‘lgan Mirziyoyev hududlarni rivojlantirish borasida davlat organlarining o‘rni va mas’uliyati haqida so‘z yuritar ekan, ayrim rahbarlarning befarqligi va harakatsizligi oqibatida bu hududda juda ko‘plab jiddiy muammolar to‘planib qolgani ma’lum bo‘lganini qattiq tanqid qilgan edi.
Ayniqsa, viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat idoralari rahbarlari o‘rtasida amaliy va sog‘lom munosabatga putur yetgani — Samarqandning bugungi taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini alohida qayd etgan edi.
2016 yil 23-dekabrdan Samarqand viloyat hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Himmat Oqbo‘tayev bosh vazir o‘rinbosari hamda qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangan Zoyir Mirzayev o‘rnini egallagan edi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan xalqaro anjuman oldidan Samarqandga safar uyushtirgan prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ayrim natijalarni qisqacha tahlil qilib, Samarqand viloyatiga yangi hokimni tasdiqlash oldidan, yana sobiq hokim Oqbo‘tayevning kamchiliklariga to‘xtalib o‘tgan edi.
"Afsuski, viloyat sobiq rahbarining mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilishga qurbi yetmadi, viloyat ahlini jipslashtirish va unga boshchilik qilishni eplamadi, o‘zini mas’uliyatli ishlardan chetga oldi. Shu sababli joriy yil iyun oyida H.Oqbo‘tayevni vazifasidan ozod qilib, Turobjon Jo‘rayevni viloyatga vaqtincha rahbar etib tayinladik…", — dedi prezident.
Mirziyoyev, shuningdek, viloyatga hokim tayinlash oldidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi siyosiy partiyalar guruhlari bilan, viloyat faollari va oqsoqollari bilan atroflicha maslahatlashganini ma’lum qildi.
"Shu asosda men katta tajribaga ega bo‘lgan, bir necha yillar davomida vazir, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida hokim bo‘lib ishlagan, bugungi kunda Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Turobjon Ikromovich Jo‘rayev nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etaman", — dedi Mirziyoyev.
Keyin xalq ta’limi vaziri, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
2017 yilda Bekobod tumani hokimi, iyun oyidan buyon esa Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga o‘ra, Turobjon Jo‘rayev iqtisodchi olim, katta amaliy tajribaga ega rahbar sifatida o‘tgan 5 oy mobaynida Samarqand viloyatining iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasining ichiga kirib bora oldi, odamlar bilan yaqindan muloqot qilib, ularning ishonchini qozondi.
Mirziyoyev Samarqand viloyatining hozirgi hokimiga katta ishonch bildirdi.
"U bundan buyon ham zimmasidagi ulkan mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his qilgan holda, Samarqand ahli bilan til topishib, bu ko‘pni ko‘rgan, mard va olijanob elga munosib bo‘lib ish olib boradi, deb ishonaman", — degan edi prezident.