TOShKENT, 11 noya — Sputnik. "Markaziy Osiyo: Yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuyidagi xalqaro konferensiya yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan brifing davomida O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida imzolangan uch davlatning chegaralari tutashgan nuqtasi joylashgan o‘rnini aniqlash va uning hududida davlat chegaralarini delimitatsiya qilish hujjati BMT tomonidan kafolatlanadi, deya ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ushbu hujjatlar ustida uzoq vaqt va puxta ish olib borilganini qayd etdi.
"…Mamlakatlar o‘rtasida qandaydir tushunmovchilik va muammo chiqsa, bu hujjatga hech qanday ta’siri bo‘lmaydi. Uch tomonlama shartnoma misolida olib qarasak, shartnoma ikki davlat emas, uch mamlakat o‘rtasida imzolandi. Bu hujjatlar ratifikatsiya qilingandan so‘ng, biz ularni BMTga yuboramiz. Bu esa hujjatni xalqaro jihatdan kafolatlaydi va, shubhasiz, buni buzishga hech kimning haqqi yo‘q.
Chegaralarni delimitatsiya qilish — bu juda murakkab va juda og‘ir jarayon. Biz Qirg‘iziston bilan 85 % chegaramizni kelishib, delimitatsiyadan o‘tkazdik. Lekin 15 %i qoldi, biroq bu ham oson ish emas. Kelajakda bu boradagi hamkorlikni davom ettiramiz.
Bu yerda gap faqat chegara emas, 1 nafarmi yo 5 nafarmi — o‘sha yerdagi O‘zbekiston fuqarolari haqida ketapti. Biz ularning manfaatlarini himoya qilib, kerakli sharoitlarni yaratib berishimiz kerak.
Albatta, imzolangan hujjatlar yuzasidan shubhalar tug‘ilishi tabiiy. Bu hujjatlarni kichik guruh imzolayotgani yo‘q. Birinchidan, hukumat ishtiroki bor. Ikkinchidan, bu hujjat parlamentdan ratifikatsiyadan o‘tadi. Uchinchidan, hujjat BMTga topshiriladi. BMT esa shubha uyg‘onmasligiga kafolat beradi. Hayot murakkab, buyog‘ini ko‘ramiz…", — dedi O‘zbekiston TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, shartnoma ratifikatsiya qilingan yorliqlar almashilgan kundan boshlab kuchga kirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev anjuman ochilish marosimida ushbu tarixiy hujjat bir-biriga qo‘shni bo‘lgan uch mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlikni yanada mustahkamlashini ta’kidlab o‘tgan edi.