TOShKENT, 11 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini, Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif va Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yevropa ittifoqining Oliy vakili bilan uchrashuvda konferensiyadagi ishtirok hamda "Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi qabul qilinganining 10-yilligida o‘tkazilgani Yevropaning mintaqaga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
Uchrashuvda Yevropa bilan keng qamrovli aloqalarni kengaytirish borasida sezilarli natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Yevropa ittifoqi bilan sheriklikni investitsiya, savdo, moliyaviy-texnikaviy hamkorlik, ta’lim va boshqa qator yo‘nalishlarda ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashish sohasidagi amaliy mazmun bilan boyitish tomonlar uchun manfaatli ekaniga e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy, xususan, Markaziy Osiyoda siyosiy ishonchni mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy yil sentabr oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv samaralari O‘zbekiston – Eron munosabatlarining faollashuviga xizmat qilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
O‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiyani mustahkamlash, mintaqamizda samarali transport-kommunikatsiya tarmog‘ini barpo etish belgilangan. O‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi bilan uchrashuvda shu yil 25-26 oktabr kunlari O‘zbekiston prezidentining Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilgan holda, energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turizm tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy sanoat korxonalari va logistika markazlari barpo etish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.