TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Samarqand shahrida 10-11 noyabr kunlari "Markaziy Osiyo: Yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuyidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Xalqaro konferensiyada dunyoning 500 dan ziyod siyosatchilari va yuqori lavozimdagi davlat vakillari ishtirok etmoqda.
Ushbu konferensiya ishini yoritish uchun AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Eron, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Pokistondan 40 dan ortiq OAV xodimlari ishtirok etmoqda. Shuningdek, 100 dan ortiq mahalliy OAVlar vakillari Forumlar saroyi Matbuot markaziga jam bo‘lishgan.
Konferensiyada Turkiya iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi so‘zga chiqdi.
"Markaziy Osiyo mintaqasini Turk-islom sivilizatsiyasi paydo bo‘lgan va rivojlangan vatan deb bilamiz. Barcha odamlar bir-birini yaqin qarindosh deb hisoblaydilar. Jo‘g‘rofiy jihatdan kelib chiqishimiz umumiy bo‘lgan. Kelajagimiz ham umumiydir. Shu sababli, hamkorligimizni davom ettirishda kelajak avlod oldida mas’ulmiz. Hamkorlik faqatgina terrorchilik, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, migratsiyani boshqarish bilan chegaralanib qolmasligi kerak. Afg‘onistondagi beqarorlik mintaqada joylashgan barcha mamlakatlar hamkorligida o‘zaro muzokaralar orqali hal qilish mumkin. Hech qaysi mamlakat yolg‘iz o‘zi bu muammoni hal qila olmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, ushbu konferensiyada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlarning tashabbuslarini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaymiz", — deb ta’kidladi Turkiya iqtisodiyot vaziri.
Turkiya iqtisodiyot vaziri 2009-yilda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari ishtirokida Turk davlatlari kengashi tuzilganligi, bu Kengash terrorchilikka qarshi kurashish masalalaridan boshlab, turizm va ta’lim sohalarigacha hamkorlik olib borishini aytib o‘tdi.
Vazir shu yil noyabr oyida Istanbulda rejalashtirilgan yig‘ilishga Markaziy Osiyo davlatlari vakillarini taklif qildi.
Nixat Zeybekchi nutqining yakunida Markaziy Osiyo jahon tashqi savdoning muhim tarmog‘i ekanligi, Turkiya kelgusida fuqarolar va mahsulotlarni erkin harakatini ta’minlash bo‘yicha Xitoyning avtomobil yo‘l qurilishi borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganligi va memorandum imzolanganligini aytib o‘tdi.